Kitob – buyuklarni tanish va tushunish kaliti
Joriy yil Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan Milliy gvardiya o‘rtasida memorandum imzolangan. Unga asosan bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan “O‘zbekiston tarixi” telekanali hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamkorligida tayyorlangan “Buyuklar haqida 100 ta dalil” kitoblar jamlanmasining ilk taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik S.Mamayusupov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari O.Hasanov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O.Abdullayeva va mazkur kitobni jamlashda qatnashgan ijodkorlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu kitob insonga ruhiy ozuqa berishi, qalbni poklashi, fikrni ravshan qilishi va dunyoqarashni kengaytirishiga alohida urg‘u berdi.

Ma’lumki, har bir millatning ravnaqi, ma’naviy boyligi uning buyuk shaxslari bilan chambarchas bog‘liq. Ularning hayoti, faoliyati, fikrlari – avlodlar uchun o‘rnak, yo‘llanma.
“Buyuklar haqida 100 ta dalil” jamlanmasi ham aynan o‘rnak va saboq manbaidir.
Ushbu jamlanmada o‘quvchi nafaqat yurtdosh buyuklarni, balki dunyo tan olgan shaxslarning hayoti, mehnati, qiyinchiliklarga qay tarzda bardosh bergani haqida o‘qiydi. Bu kitoblar insonda mehnatsevarlik, vatanparvarlik, insonparvarlik kabi fazilatlarni uyg‘otadi.

Bu kitob bizga shunchaki ma’lumot emas, hayotni, o‘zligimizni anglash imkonini beradi. Buyuk insonlar qanday fikrlagan? Qanday yashagan? Ular nima uchun ortlaridan iz qoldirgan? Ushbu savollarga javob mana shu kitob ichida yashiringan.
Uni o‘qish – ulug‘ tarixingga boqish, ruhan boyish va kelajakni to‘g‘ri qurish demak. Bugungi yoshlar ana shunday buyuklarni tanish orqali o‘z yo‘lini topadi.
Kitob 8 ta tilda chop etilgan bo‘lib, unda QR-havola orqali ma’lumotlarni eshitish va ko‘rish imkoniyati mavjud.

Taqdimot davomida Milliy gvardiya ashula va raqs ansambli xonandalari o‘zlarining dilga xush yoquvchi navolari bilan kechaga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Zero, barchamizga ma’lum haqiqat borki, kitobni targ‘ib qilish – ma’naviyatni targ‘ib qilish.
Ushbu tadbir ham harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari qalbida kitobga muhabbat uyg‘otish, ma’rifatga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytirishga xizmat qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA