"Kichikkina" muammo yoxud Andijon xalqaro aeroportidagi o‘zgarishlar hudud ahliga nima beradi?
Prezident tashrifidan so‘ng...
Tasavvur qila olish yoqimli jarayonda. Keling, shu imkoniyatimizni ishga solamiz.
Bir hudud bor. Tabiati juda go‘zal, odamlari mehmondo‘st. Borib ko‘radigan tarixiy va tabiiy maskanlari juda ham ko‘p. Chet ellik investorlar ham bu yerga pul tikib, yangi loyihalar boshlashni istaydi. Lekin bir “kichikkina” masala bor: o‘sha hududning aeroporti talab darajasida emas.
Xo‘sh, shunday holatda nima sodir bo‘ladi? Keling, buni oddiy misollarda ko‘rib chiqamiz.
Investorlar har bir daqiqasini qadrlaydi. Agar samolyotlar o‘z vaqtida qo‘nmasa, xizmat ko‘rsatish past bo‘lsa yoki aeroport kattaroq samolyotlarni qabul qilolmasa, ishlar to‘xtab qoladi. Bunday vaziyatda sarmoyadorlar qulay sharoit izlab boshqa hududga ketadi.
Tabiat qanchalik jozibali bo‘lmasin, yo‘l azobi odamni charchatadi. Agar sayyohlar uzoq vaqt yo‘l yurib, talabga javob bermaydigan aeroportda qiynalsalar, ular bu yerga ikkinchi marta qaytib kelmaydilar. Oqibatda mehmonxonalar, kafelar va gidlarning daromadi pasayib ketadi.
Shuning uchun ham mutaxassislar zamonaviy va qulay aeroportni oddiygina samolyotlar uchib, qo‘nadigan joy deb atamaydilar. U hududning yuzi, iqtisodiyotining yuragi va rivojlanish eshigi sanaladi. Agar shu eshik ochiq va keng bo‘lsa, hududga ham baraka, ham farovonlik kirib keladi.
Tasavvurimizni bejiz ishga solmadik. Sababi, bugun Andijon xalqaro aeroportidagi o‘zgarishlar haqida yozamiz.
Bu aeroport 1978-yilda qurilgan. Oradan yillar o‘tib, 2013-yilda unga xalqaro maqom berildi. Biroq vaqt o‘tishi bilan vaziyat o‘zgardi. Eskirgan infratuzilma zamon talablariga, ortib borayotgan yo‘lovchilar oqimiga va yirik havo kemalariga javob berolmay qoldi. Shu sababli aeroportni tubdan qayta qurish va modernizatsiya qilish zarurati tug‘ildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilgan topshiriqlar va ko‘rsatilgan yuksak e’tibor natijasida mazkur havo bandargohida ulkan bunyodkorlik ishlari boshlandi. Aeroport aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilish loyihasining umumiy qiymati 1,1 trillion so‘mni tashkil etadi. Bu ishlarni aslida aeroportni qaytadan barpo etish deyish to‘g‘riroq bo‘ladi.
Birinchi bosqichda uchish-qo‘nish yo‘lagi 3,3 kilometrgacha uzaytirildi. Uning kengligi 60 metrni tashkil etadi. Endilikda u yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan 4E toifasiga ega. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida 10 ta havo kemasiga xizmat ko‘rsata oladigan to‘xtash joylari va rullash yo‘laklari barpo etildi.
Infratuzilmaning mustahkamligiga alohida e’tibor qaratildi. Uchish-qo‘nish yo‘lagiga 50 yilgacha xizmat qilishga mo‘ljallangan sifatli sement-beton qoplamasi yotqizildi. Germaniyadan keltirilgan yuqori aniqlikdagi yoritish-signal tizimlari o‘rnatildi. Bu tizim tungi vaqtda va hatto quyuq tuman sharoitida ham samolyotlarni bexatar qabul qilish imkonini beradi. Ko‘rish masofasi 300 metrgacha qisqarganda ham havo kemalari xavfsiz qo‘na oladi. Bu ko‘rsatkich ilgari andijonliklar uchun ushalmas orzu edi.
Dunyo tajribasiga nazar tashlasak, zamonaviy va keng imkoniyatli aeroportlar hududlar iqtisodiyotini keskin o‘zgartirib yuborishiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, Turkiyaning Antaliya yoki BAAning Sharja shaharlaridagi aeroportlar rivojlanishi ortidan mahalliy turizm va xizmat ko‘rsatish sohasi bir necha barobarga o‘sgan. Chet eldan kelayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar hududga millionlab dollarlik investitsiya va sayyohlarni jalb qiladi.
Andijon aeroportida amalga oshirilayotgan rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichi ham aynan shunday keng ko‘lamli maqsadlarga qaratilgan. Hozirda maydoni 19,6 ming kvadrat metr bo‘lgan ikki qavatli zamonaviy terminal binosi qurilmoqda.
– Bu aeroport qurilishi ham shaxsan davlatimiz rahbari e’tiborida, – deydi “Uzbekistan Airports” AJ boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev. – Bu fikrimizning asosini Prezidentimizning sentabr oyidagi Andijon viloyatiga tashrifi aynan mazkur ob’ektda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdan boshlanganida ham ko‘rishimiz mumkin. Ilgari bu aeroport soatiga bor-yo‘g‘i 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata olardi. Yangi terminal ishga tushgach, bu ko‘rsatkich besh barobar oshadi va soatiga 1 000 nafar yo‘lovchini qabul qilish imkoni yaratiladi. Hududda yuqori tezlikdagi Wi-Fi tarmog‘i va zamonaviy raqamli xizmatlar joriy etiladi. Bu esa yo‘lovchilarning vaqtini tejaydi va ularga yuqori darajadagi qulaylik yaratadi. Bugungi kunda Andijon xalqaro aeroporti orqali mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda yettita aviakompaniya muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda. Kelgusida yillik aviareyslar sonini 808 tadan 2 500 tagacha oshirish rejalashtirilgan. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyati esa yiliga 3,5 million nafarga yetkaziladi.

Darhaqiqat, bu yangilanishlar oddiy andijonliklarga, viloyat iqtisodiyotiga va sayyohlarga nima beradi?
Avvalo, andijonliklar va qo‘shni viloyatlar aholisi uchun dunyo bo‘ylab sayohat qilish yoki xorijdagi yaqinlari bilan bog‘lanish ancha yengillashadi. Endi poytaxtga yoki boshqa qo‘shni aeroportlarga borib yurishga hojat qolmaydi. Keng fyuzelyajli yirik samolyotlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri Andijonga qo‘nishi parvoz chiptalari narxining maqbullashishiga ham olib keladi.
Shuningdek, turizm va biznes sohasi yangi bosqichga ko‘tariladi. Vodiyning xushmanzara tabiati, qadimiy qadamjolari va hunarmandchilik maktabi xorijlik sayyohlarni hamisha o‘ziga jalb qilib kelgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarning ko‘payishi sayyohlar oqimini keskin oshiradi.
Yana bir muhim tomoni, viloyat iqtisodiyoti yanada gullaydi. Aeroport atrofida yangi mehmonxonalar, restoranlar, logistika markazlari va servis ob’ektlari barpo etiladi. Bu esa yuzlab yangi ish o‘rinlari demakdir. Mahalliy mahsulotlar va qishloq xo‘jaligi tovarlarini xorij bozorlariga tezkor va o‘z vaqtida yetkazib berish imkoniyati ham kengayadi.
Maqolamiz avvalida “kichikkina” bir masala haqida so‘z yuritgan edik. Zamonaviy dunyoda vaqt va qulaylik hamma narsani hal qiladi. Ba’zida arzimasdek tuyulgan bu muammo hal etilmaganda edi butun bir viloyatning ulkan iqtisodiy va turistik salohiyati ochilmay qolaverar edi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi