"Hukumat soati": Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri deputatlarning savollariga javob berdi
Bugungi kunda mamlakatimizda 1,6 milliondan ziyod xonadondan iborat 46 mingdan ortiq ko‘p kvartirali uy-joy mavjud. Mazkur uylarning 42 mingdan ortig‘iga boshqaruv servis kompaniyalari, 700 dan ziyodiga uy-joy mulkdorlari shirkatlari, qolgan qismiga esa boshqa boshqaruv shakllari orqali xizmat ko‘rsatilmoqda. Sohada xizmat sifatini oshirish, ko‘p kvartirali uy-joylar boshqaruv kompaniyalari o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish aholiga samarali xizmat ko‘rsatilishida muhim omil hisoblanadi.
Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi “Hukumat soati”da ko‘p kvartirali uy-joy fondini samarali boshqarish hamda aholini sifatli kommunal xizmatlar bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Kun tartibidagi masalalar yuzasidan qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sh.Hidoyatov deputatlarning savollariga javob berdi.
Axborotda qayd etilganidek, ko‘p kvartirali uylarda mulkdorlar tomonidan to‘lanadigan majburiy to‘lovlarning maqsadli sarflanishi, boshqaruv organlari faoliyatining hisobdorligi va moliyaviy shaffofligini ta’minlash sohadagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi 48-son qarorida 1-iyuldan boshlab Toshkent shahrida, 2027-yildan boshlab barcha hududlarda ko‘p kvartirali uylarda uy-joy mulkdorlarining umumiy yig‘ilishlarini tashabbus qilish, shartnomalar tuzish, boshqaruvchilar tomonidan hisobotlar taqdim etish faqat billing tizimi orqali amalga oshirilishi belgilandi.
Hozirda mazkur onlayn yig‘ilishlarni yagona tartib asosida o‘tkazish maqsadida umumiy yig‘ilish bayonining namunaviy shakli ishlab chiqildi va billing tizimiga joylashtirildi. Bu tizim orqali har bir ko‘p kvartirali uy bo‘yicha tushum va xarajatlar, bajarilgan ishlar, qarzdorlik, murojaatlar hamda ularning ijrosi haqidagi ma’lumotlarni onlayn kuzatish imkoniyati yaratilgan.
“Turar joy” milliy idoralararo platformasi orqali uy-joylarning texnik holati o‘rganilib, ko‘p kvartirali uylarning holatini toifalarga ajratish, ular bo‘yicha zarur ta’mirlash va tiklash ishlarini rejalashtirish mexanizmi shakllantirilmoqda.

Axborotda keltirilganidek, energiya samaradorligini oshirish, xorijiy tajriba asosida ko‘p kvartirali uylarni issiqlik jihatdan samarali saqlash, fasadlarni zamonaviy materiallar bilan qoplash, energiya tejovchi uskunalardan foydalanish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. 2024-2026-yillarda qariyb 1,8 mingga yaqin uyning fasadlari bazalt materiallari bilan qoplangan.
Ko‘p kvartirali uylar atrofini obodonlashtirish, bolalar maydonchalari, piyodalar yo‘laklari, sug‘orish tarmoqlari va jamoat infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda bu maqsadlar uchun 520 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘p kvartirali uylarning tutash hududlarida “yashil bog‘”larni tashkil etish bo‘yicha 54 ta tuman, shahar kengashlari qarorlari bilan yer maydonlari belgilandi. Ekilgan daraxt va butalar “yashil bog‘”larni tashkil etgan pudrat tashkiloti tomonidan parvarish qilinishi to‘liq yo‘lga qo‘yilgan.
Muhokamalarda deputatlar, siyosiy partiyalar fraksiyalari a’zolari sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan bir qator taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi. Jumladan, boshqaruv servis kompaniyalari o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish, xizmat sifati past bo‘lgan kompaniyalarni bozor mexanizmlari orqali saralash, byudjet mablag‘lari hisobidan quriladigan ijtimoiy soha ob’ektlarini loyihalashdagi kamchiliklarni bartaraf etish, uylar atrofida xavfsiz bolalar hamda sport maydonchalarining namunaviy loyihalarini ishlab chiqish, ko‘p qavatli uylarda yashayotgan keksa fuqarolar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolali oilalar uchun liftlarning uzluksiz hamda xavfsiz ishlashini ta’minlash masalalari ilgari surildi.
Shuningdek, ko‘p kvartirali uylar atrofida ekilayotgan daraxt va buta ko‘chatlarining saqlanib qolishi, ularni sug‘orish va parvarishlash ishlari ustidan doimiy nazoratni ta’minlash bilan bog‘liq masalalarga ham e’tibor qaratildi. Shuningdek, nobud bo‘lgan ko‘chatlarni qayta ekish uchun mas’ul tashkilotlarning javobgarligini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
“Hukumat soati”da bildirilgan takliflar sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish, boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish va aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi. Sohada belgilangan vazifalar ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA