Kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy xizmatlar ommabopligi oshiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish hamda moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, ular uchun moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish Yangi O‘zbekiston islohotlarining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

So‘nggi yillarda bu borada qator dasturlar amalga oshirilib, tadbirkorlarga kredit, kompensatsiya, kafillik va boshqa moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kengaytirildi. Shu bilan birga, kichik va o‘rta biznesning moliyaviy xizmatlardan foydalanishida hali ham ayrim to‘siqlar saqlanib qolayotgani qayd etildi.
Bugungi kunda kichik va o‘rta biznesga ajratilgan kreditlar portfeli 218 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Bu yalpi ichki mahsulotga nisbatan 12 foizga teng. Shu bilan birga, onlayn tarzda ajratilayotgan ta’minotsiz mikrokreditlar ulushi kam. Ta’minotsiz onlayn mikrokredit ajratish jarayoni o‘rtacha 7 kungacha vaqt olmoqda. Tadbirkor kredit olish uchun bir nechta bank takliflarini bir joyda ko‘rish, solishtirish va o‘ziga maqbul shartlarni tanlash imkoniyatiga ega emas.

Shu munosabat bilan taqdimotda raqamli moliyaviy platformani ishga tushirish taklif qilindi. U orqali tadbirkor kredit olish uchun ariza beradi, bir nechta banklardan tijorat takliflarini oladi, ularni taqqoslab, o‘ziga qulayini tanlaydi.
Platforma “Elektron hukumat” tizimining raqamli ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilinadi. Kichik va o‘rta biznes sub’ektlariga oid ma’lumotlar avtomatik ravishda olinib, banklarga taqdim etiladi. Bu kredit berish jarayonida hujjat yig‘ish, ortiqcha vaqt sarflash va inson omilini kamaytirishga xizmat qiladi.
2026-yil 1-dekabrdan boshlab platforma doirasida sun’iy intellekt texnologiyalari elementlaridan foydalangan holda muqobil skoring modeli joriy etiladi.

An’anaviy skoring asosan kredit tarixiga tayansa, muqobil skoring biznes faolligi, kommunal to‘lovlar, aylanmalar, soliq va boshqa raqamli ma’lumotlarni ham hisobga oladi. Bu kredit tarixi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlarni ham baholash, ularga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga yo‘l ochadi.
Shuningdek, kelgusida sun’iy intellekt asosida tadbirkorning kredit tarixini yaxshilash, kelgusidagi xatarlarni baholash va biznesni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalarni shakllantirish imkoniyati yaratiladi.
Tijorat banklari tomonidan “AI maslahatchisi” dasturini ishga tushirish ham nazarda tutilmoqda. Mazkur dastur mahallalar ixtisoslashuvi va o‘sish nuqtalarini hisobga olgan holda biznes g‘oyalarni ishlab chiqish, ularni moliyalashtirish imkoniyatlarini aniqlashga ko‘maklashadi.
Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida ham qo‘shimcha yengilliklar belgilanmoqda. Avval dastur doirasida mikrokreditdan foydalangan va ijobiy kredit tarixiga ega tadbirkorlar uchun mikrokreditning garovsiz qismi 100 million so‘mdan 200 million so‘mgacha oshiriladi.
Qolaversa, kredit yoki lizing miqdoridan qat’i nazar, uning 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan qismi uchun foiz xarajatlari kompensatsiya qilinadi.
Har yili o‘z faoliyatini kengaytirgan va yuqori natija ko‘rsatgan 100 ta tadbirkorlik sub’ektiga raqamlashtirish, xalqaro standartlar va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 300 million so‘mgacha grant ajratish taklif etildi.
Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, kredit tarixiga ega bo‘lmagan kichik va o‘rta biznes sub’ektlariga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, platforma xavfsizligi va ma’lumotlarning himoyalanganligini ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.