Kengash fermerlarning ko‘makchisi
Bugun qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi, avvalo, yer egasi – fermerning o‘z faoliyatini erkin va samarali tashkil etishi, mehnati munosib qadrlanishi hamda uning muammolariga o‘z vaqtida yechim topilishi bilan chambarchas bog‘liq.
Shu nuqtai nazardan, Navoiy viloyat Karmana tumani fermerlari kengashi tomonidan fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, mavjud muammolarni joyida o‘rganish va amaliy yechim topish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Kengash faoliyatida fermerlar bilan bevosita muloqot qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlar davomida fermerlarni qiynayotgan masalalar o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.
Joriy yil boshidan buyon 80 ta fermer xo‘jaligi faoliyati o‘rganilib, ulardan kelib tushgan 22 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Shundan 16 tasi ijobiy hal etildi, 6 ta masala bo‘yicha tegishli tashkilotlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
– Fermerning muammosini eshitishning o‘zi yetarli emas. Muhimi, uning yechimi bo‘yicha amaliy harakat qilishdir. Shu bois har bir murojaatni e’tiborsiz qoldirmaslik, fermer bilan birga muammoning yechimini izlashni asosiy vazifamiz deb bilamiz, – deydi Karmana tumani fermerlari kengashi raisi Zafar Tursunov.

Qishloq xo‘jaligida yuqori natijaga erishish, avvalo, mavjud yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishni talab etadi. Shu bois Kengash tomonidan fermer xo‘jaliklarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, yer unumdorligini oshirish hamda suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Fermerlarga zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, serhosil navlardan foydalanish va mahsulot tannarxini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda.
Jumladan, 2180 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinib, 56 nafar fermerga bu borada amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Fermerlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yuqori hosildorlikka erishayotgan, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanayotgan xo‘jaliklarning tajribasini ommalashtirish maqsadida seminarlar, davra suhbatlari va amaliy uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Ayniqsa, “Shaxnoza” fermer xo‘jaligi rahbari Akbar Rajabovning paxta-g‘alla yetishtirishdagi tajribasi e’tiborga loyiq. Jumladan, 2025-yilda paxtadan 65 sentner, 2026-yilda g‘alladan 100 sentner hosil olgan bo‘lsa, joriy yilda paxtadan 85 sentner hosil yaratish reja qilingan. Ushbu xo‘jalikda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiya natijasida yuqori hosildorlikka erishilmoqda.

U O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PQ-322-sonli qarori topshirig‘iga asosan, dala chetidan 10 sotix yer maydoniga chorvachilik kompleksini tashkil qilib, 65 bosh angus zotli yirik shoxli qoramol va 100 bosh qo‘y echkilarni boqib kelmoqda.
Bunday ilg‘or tajribalarni boshqa fermer xo‘jaliklarida ham joriy etish orqali sohada samaradorlikni yanada oshirish maqsad qilingan.
Kengash tomonidan fermerlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Fermerlarga shartnomaviy munosabatlar, yerdan foydalanish, mahsulot yetishtirish va realizatsiya qilish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan tushuntirishlar berilmoqda.
Shu bilan birga, fermerlarning murojaatlarini tegishli tashkilotlarga yetkazish, ularni ko‘rib chiqish jarayonini muvofiqlashtirish va natijasi bo‘yicha amaliy ko‘mak berish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Sohada yangi avlod fermerlarini shakllantirish va ularni qo‘llab-quvvatlash ham Kengash faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Yosh fermerlar bilan uchrashuvlarda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, mahsulot yetishtirishda innovatsion yondashuvlarni qo‘llash, qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish va bozor talablariga mos mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda.
Fermerlar kengashining faoliyatidan ko‘zlangan asosiy maqsad fermerni yolg‘iz qoldirmaslik, uning muammosiga befarq bo‘lmaslik va har bir murojaat ortida turgan masalani amaliy hal etishdir.
Bugun fermerning daromadi oshsa, yerdan unumli foydalanilsa, yangi ish o‘rinlari yaratilsa va bozorda raqobatbardosh mahsulot ko‘paysa, bu nafaqat bir xo‘jalik, balki butun hudud iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Navoiy viloyati Karmana tumani fermerlar kengashi kelgusida ham fermerlar bilan yaqin hamkorlikni davom ettirib, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, muammolarini joyida o‘rganish hamda qishloq xo‘jaligida samaradorlikni yanada oshirishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettiradi.
J. Galayev,
O‘zbekiston fermerlari kengashi bosh mutaxassisi.
O‘zA