Kellogg: Ukraina, AQSH va Rossiya muzokarasi amalda to‘xtagan
AQSHning Ukrainadagi sobiq maxsus elchisi Keyt Kellogg Ukraina, AQSH va Rossiya o‘rtasidagi muzokara jarayoni amalda to‘xtatilganini aytib, bu holat Amerika vakillari asosiy e’tiborni Eron bilan muzokaraga qaratgani bilan bog‘ladi.
«Muzokaralar jarayoni amalda to‘xtadi. Bu yomon emas, aslida, yaxshi”, dedi Kellogg va Ukraina Rossiyaga mustaqil samarali qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, AQSHning Rossiyaga qarshi sanksiya bo‘yicha bosimi saqlanib qolgani, yangi cheklov to‘plami hali yakunlanmaganiga urg‘u berdi. Bundan tashqari Kellogg hozir Rossiyada harbiy harakatni Ukrainadan tashqariga, jumladan Boltiq bo‘yi davlatlari yoki Polshaga qarata kengaytirish uchun yetarli resurs yo‘qligi haqida ham fikr bildirdi.
Ta’kidlanishicha, Prezident Donald Tramp mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori. Kelloggning o‘zi esa yoz oxirida Ukrainaga borishni rejalashtirgan.
S.Rahimov, O‘zA