AQSH yadro xavfsizligi bo‘yicha 50 yillik tamoyildan voz kechmoqchi
AQSH Yadroviy tartibga solish komissiyasi (NRC) so‘nggi yarim asr davomida amal qilib kelgan va butun dunyoda keng qo‘llangan radiatsiya xavfsizligi qoidasi – “ALARA” tamoyilidan voz kechish taklifini ilgari surdi. Bu haqda “Associated Press” agentligi xabar berdi.
Ushbu qoidaga ko‘ra,, atom elektr stansiyalari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda radio faol moddalar bilan ishlovchi boshqa muassasalar nurlanish darajasini imkoni boricha eng past darajada ushlab turishi shart edi. To‘g‘ri, Amerikaning yangi taklifiga ko‘ra, aholi va xodimlar uchun belgilangan eng yuqori nurlanish me’yori o‘zgarishsiz qoladi. Faqat tamoyil bekor qilinib, o‘rniga bosqichma-bosqich yondashuv joriy etilishi rejalashtirilgan. Ya’ni, endi muayyan tashkilot xodimlar radiatsiya ta’siriga uchrash xavfiga qarab mutanosib xavfsizlik chorasini ko‘rishi lozim. Aniqrog‘i, nurlanish darajasi ruxsat etilgan me’yorga yaqinlashishi bilan xavfsizlik talabi kuchayib boradi.
Qayd etilishicha, mazkur tashabbus Prezident Donald Trampning atom energetikasini rivojlantirishga qaratilgan, ma’lumot markazlari va sun’iy intellekt texnologiyasi taraqqiyoti natijasida ortib borayotgan elektr energiyasiga ehtiyojni qondirishga qaratilgan rejasining tarkibiy qismidir.
Masalan, AQSH Energetika vazirligi “ALARA” tamoyilidan allaqachon voz kechgan. NRC esa yaqin oylarda radiatsiyadan himoyalanish bo‘yicha yangi qoida tasdiqlashni rejalashtirmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA