«Kelajak uchun xorijiy til» loyihasining ijobiy natijalari
«Kelajak uchun xorijiy til» loyihasi doirasida 10 ming nafardan ortiq o‘quvchi xorijiy til bo‘yicha milliy sertifikatga ega bo‘ldi.
Ma’lumki, 2025-yil dekabr oyidan boshlab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Toshkent shahridagi barcha umumta’lim maktablarida «Kelajak uchun xorijiy til» loyihasi yo‘lga qo‘yilgan edi.
«Toshkent tajribasi» sifatida 2025-2026 o‘quv yilida boshlangan mazkur loyiha doirasida poytaxtimizdagi barcha umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan 40 ming nafarga yaqin 11-sinf o‘quvchilarining xorijiy til bo‘yicha bilim va malakasi oshirildi.
Xususan, o‘quvchilarning til bilish darajalarini aniqlash maqsadida maxsus imtihonlar o‘tkazildi. Shundan so‘ng, sinovlar natijalari tahlil qilinib, o‘quvchilar turli darajalardagi guruhlarga ajratildi va xorijiy mutaxassislar ishtirokida bepul mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Shu bilan birga, Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan hamkorlikda mazkur o‘quvchilar xorijiy tillarni o‘rganish darajasini aniqlash bo‘yicha milliy sertifikat sinovlaridan o‘tkazildi.
Natijada Toshkent shahridagi 10 ming 106 nafar 11-sinf o‘quvchisi (ingliz tili bo‘yicha) B1 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
Aytish kerakki, 2025-yil dekabr oyida xorijiy til sertifikatlariga ega o‘quvchilar soni 2 ming 970 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, ularning soni 17 ming 515 nafarga yetdi (bu ko‘rsatkich qariyb 6 barobar ko‘p).
2025-2026 o‘quv yili davomida mamlakatimiz bo‘yicha 1 ming 518 nafar xorijiy til mutaxassislari jalb etilgan bo‘lsa, yangi o‘quv yilidan boshlab ularning sonini 2 ming nafardan oshirish rejalashtirilgan.
Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-2027 o‘quv yili uchun chet tillari bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyentlar soni 125 ming 354 nafarni tashkil etmoqda.
Oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun hujjat topshirgan hamda barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega qariyb
13 ming nafarga yaqin abituriyentlar esa test sinovlaridan ozod qilindi.
N.Usmonova, O‘zA