Kelajak muhandislari: nazariyadan ishlab chiqarishgacha
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Kelajak muhandislari” Respublika tanlovi natijalari e’lon qilindi. Mazkur tanlov istiqbolli muhandislik, ilmiy-texnik va innovatsion ishlanmalarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularni amaliyotga joriy etishga qaratilgan.
Tanlovning yakuniy bosqichida Olmaliq davlat texnika instituti vakillari ham ishtirok etib, institut olim va tadqiqotchilari qator sovrinli o‘rinlarni egalladi hamda davlat rahbari tomonidan ta’sis etilgan mukofotlarga sazovor bo‘ldi.
Professor-o‘qituvchilar tarkibi o‘rtasida «Eng yaxshi ixtiro» nominatsiyasida birinchi o‘rinni marganets va temirni po‘lat eritish shlaklaridan ajratib olish texnologiyasi egalladi. Ta’kidlash joizki, mazkur innovatsion ishlanma qator mahalliy va xorijiy korxonalarning ishlab chiqarish jarayoniga, jumladan, Turkiyaning «DEMIR GROUP» kompaniyasida joriy etilgan.


Shuningdek, marganetsni selektiv ajratib olishning gidrometallurgik jarayonlarini sun’iy intellektdan foydalangan holda optimallashtirishga qaratilgan yana bir ishlanma yuqori baholandi.
Amaliyotchi muhandislar o‘rtasida «Eng yaxshi ixtiro» nominatsiyasida oliy ta’lim muassasasi vakillari tomonidan taqdim etilgan yana bir ishlanma uchinchi o‘rinni egalladi.
E’tirof etilgan ishlanmalar qatorida zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda bolg‘ali maydalagichlarning ekspluatatsiya muddatini oshirish va ularni qayta tiklash texnologiyasi ham o‘rin oldi.
Taqdim etilgan loyihalar metallurgiya chiqindilarini qayta ishlash, ishlab chiqarish jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, shuningdek, sanoat uskunalarini takomillashtirish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan bo‘lib, respublikada zamonaviy muhandislik ishlanmalarining amaliy yo‘naltirilganligini namoyon etdi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA