Ustozlarga ehtirom ko‘rsatildi
1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida ustozlarni yod etish, ulardan hol-ahvol so‘rash, duosini olishning o‘ziga xos fayzi bor. Zero, yillar o‘tadi, zamonlar o‘zgaradi. Ammo insonning kamol topishiga yo‘l ko‘rsatgan, unga kasb sirlarini o‘rgatgan ustozga bo‘lgan ehtirom o‘zgarmaydi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi tashabbusi bilan sohada ko‘p yillar samarali mehnat qilgan faxriy jurnalistlar – Abdulla Ahmedov, Abduhamid Sariboyev, Yo‘lchi Jo‘rayev, Toshqul Beknazarov, Pardaboy Tojiboyev va Oltinoy Rustamovalarning xonadonlarida bo‘lib, holidan xabar olindi.
Faxriylarga e’tibor ramzi sifatida oziq-ovqat mahsulotlari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Ammo bu tashrifning qadri sovg‘a-salomda emas. Uning asl ma’nosi bir umr kasbiga sadoqat bilan xizmat qilgan insonlarni yo‘qlash, ularga mehr ko‘rsatish, “Sizni unutmadik, mehnatingiz qadrli”, degan samimiy tuyg‘uni bildirishda.
Axir, bugun qalam tutib, jurnalistikada o‘z o‘rnini topayotgan ko‘plab ijodkorlarning faoliyatida faxriylarning hissasi bor. Ularning gazetalarda qolgan maqolalari, efirlarda yangragan so‘zlari, tahririyatlarda aytgan tanbeh va maslahatlari yoshlarning kamolga yetishida asqatmoqda.
Xonadonlardagi suhbatlarda o‘tgan yillar, kasb mashaqqatlari, jurnalistik izlanishlar, ustoz-shogird an’analari haqida gaplashildi. Bunday suhbatlar ba’zan bir necha kitobdan olinadigan saboqdan ham ta’sirli. Chunki unda yillar sinovidan o‘tgan hayotiy tajriba, kasbga sadoqat va inson taqdiri bor.
[gallery-31679]
– Qaysi soha vakili bo‘lmasin, uzoq yillar mehnat qilib, bugun uyida keksalik gashtini surayotgan kishini shogirdlari, yosh hamkasblari so‘rab kelishsa, boshi osmonga yetadi. Gap nimadir sovg‘a qilishda emas. Gap ular bilan o‘tirib, birozgina gurunglashishda. Ustozlar yoshlarda o‘z yoshligini ko‘radi. Bergan saboqlari zoye ketmaganiga guvoh bo‘ladi, – deydi faxriy jurnalist Toshqul Beknazarov.
Faxriy jurnalistlarni yo‘qlashning yana bir muhim jihati shundaki, bugun axborot oqimi nihoyatda tezlashgan, jurnalistika vositalari o‘zgargan bir paytda kasbning asl mezonlari o‘zgarmay qolmoqda. Xolislik, mas’uliyat, so‘zga ehtiyotkorlik, xalq dardini eshitish va jamiyat oldidagi burchni his etish ustozlardan shogirdlarga o‘tadigan eng katta meros qadriyatdir.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri