Kelajak kasblari auditoriyada emas, tafakkurda yaratiladi
Bugungi kunda ta’lim tizimi oldidagi muhim vazifalardan biri yoshlarni nafaqat bilimli, balki kreativ va mustaqil fikrlaydigan shaxs sifatida tarbiyalashdir. Bu boradagi dolzarb masalalar xususida Qarshi xalqaro universiteti dotsenti Shahlo Musurmonova bilan suhbatlashdik.
– Bugungi ta’lim tizimining ustuvor vazifasi nimadan iborat?
– Hozirgi davrda faqat bilimning o‘zi yetarli emas. Sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va global raqobat sharoitida yoshlar mustaqil qaror qabul qilishi, muammolarga yangicha yechim topa olishi kerak. Shu bois ta’limning asosiy vazifasi tayyor javob berish emas, balki fikrlashga o‘rgatishdan iborat.
Avval o‘quvchi va talabalar ko‘proq ma’lumotni yodlashga e’tibor qaratgan bo‘lsa, bugun tahlil qilish, taqqoslash va yangi g‘oyalar yaratish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Kreativ fikrlashni shakllantirishda qanday yondashuvlar samara beradi?
– Buning uchun, avvalo, talabaning erkin fikr bildirishiga sharoit yaratish lozim. Inson o‘z fikrini bemalol ifoda eta olgan muhitdagina yangi g‘oyalar paydo bo‘ladi.
Kreativlik faqat noodatiy fikr bildirish emas, balki muammoni turli nuqtai nazardan baholash, yangi yechim topish va bilimni amaliyotga tatbiq eta olishdir. Shuning uchun auditoriyada nazariya bilan cheklanib qolmasdan, talabani fikrlashga, bahslashishga va izlanishga undash muhim.
Dars jarayonida muammoli vaziyatlar, guruhli ishlar, debatlar, rolli o‘yinlar va loyiha asosidagi topshiriqlardan foydalanish talabalarning ijodiy salohiyatini rivojlantiradi. Eng muhimi, ular tayyor javobni emas, o‘z tafakkurini ishga solishga o‘rganadi.
– Zamonaviy talabalarning o‘ziga xos jihatlari nimada?
– Bugungi yoshlar axborot asri vakillari hisoblanadi. Ular bir vaqtning o‘zida bir nechta manbadan ma’lumot oladi, tez tahlil qiladi va xulosa chiqaradi. Shuning uchun an’anaviy usullar bilan ularning diqqatini uzoq vaqt saqlab turish qiyin.
Hozirgi talaba ma’lumotni matndan ko‘ra video, infografika va amaliy misollar orqali tezroq qabul qiladi. Shu bois zamonaviy pedagogik texnologiyalar va interaktiv usullardan foydalanish muhim ahamiyatga ega.
Yana bir jihat, yoshlar o‘rganayotgan bilimining hayotdagi ahamiyatini ko‘rishni istaydi. Agar fan kelajak kasblari va real hayot bilan bog‘lab tushuntirilsa, ularning qiziqishi va faolligi ortadi.
– Sun’iy intellekt ta’lim uchun xavfmi yoki imkoniyat?
– Menimcha, bu katta imkoniyat. Sun’iy intellekt pedagogni almashtirmaydi, balki uning faoliyatini samaraliroq tashkil etishga xizmat qiladi.
Bugun AI texnologiyalari yordamida dars materiallari tayyorlash, testlar tuzish, matnlarni tahlil qilish va individual ta’lim resurslarini ishlab chiqish mumkin. Bu esa vaqt tejash va ijodiy faoliyat uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Shu bilan birga, yoshlarga sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanish madaniyatini shakllantirish muhim. U texnologiyani nusxa ko‘chirish vositasi sifatida emas, balki tahlil va izlanish vositasi sifatida qabul qilishi kerak.
Kelajakda kreativ fikrlaydigan, tez moslasha oladigan va innovatsion yechimlar taklif qila oladigan insonlar eng yuqori qadrlanadi.
– Yosh pedagoglarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?
– Avvalo, pedagog o‘z kasbini sevishi kerak. Chunki pedagoglik faqat dars berish emas, balki inson qalbi bilan ishlash san’atidir.
Bugungi talabalar bilan ishlashda samimiy munosabat, ishonch va motivatsiya muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun pedagog talabani eshita olishi, tushunishi va qo‘llab-quvvatlashi lozim.
Zamonaviy o‘qituvchi faqat bilim beruvchi emas, balki ilhomlantiruvchi shaxs bo‘lishi kerak. Chunki talaba ko‘pincha ustozning munosabati va energiyasidan kuch oladi.
Menimcha, ta’lim markazida fan emas, inson turishi kerak. Har bir talabada katta imkoniyat va iste’dod mavjud. Haqiqiy pedagog ana shu salohiyatni ko‘ra oladigan va uni rivojlantira oladigan insondir.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri