Kelajak kadrlari bugundan shakllanadi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ta’lim sohasiga, qolaversa, yoshlarga bo‘lgan yuksak e’tibori tufayli so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, uni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, yoshlarning sifatli bilim olishi va o‘z iqtidorini to‘la namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu albatta quvonarli. Zero, ta’limdagi har bir o‘zgarish, avvalo, inson kapitaliga, mamlakatning ertangi taraqqiyotiga qo‘yilayotgan muhim qadamdir.
Bugun bu sa’y-harakatlarning amaliy natijasi ta’lim bilan qamrovning kengayishi, yangi ta’lim muassasalarining tashkil etilishi, o‘quv dasturlarining yangilanishi, zamonaviy pedagogik texnologiyalarning joriy qilinishi, yoshlarning ilm-fan va innovatsiyalarga qiziqishi ortib borayotganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi sakkiz yilda oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 44 foizga, talabalar soni esa 270 ming nafardan 1,7 million nafarga yetdi.
Eng muhimi, bugun oliy ta’lim oldiga faqat talabalar sonini ko‘paytirish emas, balki zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mustaqil fikrlaydigan, izlanuvchan, raqobatbardosh va mehnat bozori talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlash vazifasi qo‘yilmoqda. Bu esa ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini zamonaviylashtirish bilan bir qatorda, ilm-fan, innovatsiya, raqamli texnologiyalar va xalqaro tajribani ta’lim amaliyotiga keng tatbiq etishni talab etadi.

Zero, yoshlarga faqat diplom emas, balki mustahkam bilim, zamonaviy kasb, amaliy ko‘nikma, mustaqil fikrlash qobiliyati, yangilik yaratishga intilish va kelajakka ishonch berish muhim. Ana shu mezonlar bugungi ta’lim islohotlarining mazmun-mohiyatini belgilab bermoqda.
Sirdaryo viloyatida keyingi yillarda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar ham ana shu maqsadlar bilan uyg‘un. Bu jarayonni Guliston davlat pedagogika instituti misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Tashkil etilganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan institutda bugun 5818 nafar talaba tahsil olmoqda. 19 ta bakalavriat va 14 ta magistratura ta’lim dasturi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. To‘rtta fakultet, 11 ta kafedra va 5 ta o‘quv laboratoriyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bu raqamlar shunchaki statistik ko‘rsatkich emas. Ularning har biri ortida kelajakda maktab va maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritadigan, yosh avlodga bilim va tarbiya beradigan minglab mutaxassislarning taqdiri mujassam. Bugun auditoriyalarda tahsil olayotgan talabalarning bilim va kasbiy salohiyati ertaga hududdagi ta’lim sifatiga, pirovard natijada esa mamlakatning intellektual salohiyatiga ta’sir ko‘rsatadi.

Shu nuqtai nazardan, pedagogika institutida amalga oshirilayotgan har bir islohotning bosh maqsadi inson kapitali sifatini oshirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh pedagog kadrlarni tayyorlashdan iborat.
Bugun institutda 146 nafar professor-o‘qituvchi asosiy shtatda mehnat qilmoqda. Ularning 61 nafari PhD, 4 nafari DSc ilmiy darajasiga ega. Eng e’tiborli jihatlardan biri — institutning ilmiy salohiyati 2022-yildagi 16 foizdan 2026-yil oktabr holatiga 44,5 foizga yetganidir.
Qisqa davrda qariyb uch baravar o‘sishga erishilgani ilm-fanga e’tibor, ilmiy izlanishlarni rag‘batlantirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash va professor-o‘qituvchilar uchun zarur ilmiy muhit yaratish borasidagi ishlarning amaliy samarasini ko‘rsatadi.
Zero, zamonaviy oliy ta’lim muassasasining salohiyati uning binolari yoki talabalar soni bilangina emas, avvalo, ilmiy muhiti, tadqiqot natijalari va jamiyat ehtiyojlariga javob beradigan intellektual mahsuloti bilan belgilanadi.
Guliston davlat pedagogika institutida 2023–2026 yillarda 32 ta dissertatsiya muvaffaqiyatli himoya qilindi. Jumladan, 2023-yilda 3 ta, 2024-yilda 7 ta, 2025 yilda 12 ta va 2026-yil oktabr holatiga 10 ta dissertatsiya himoya qilindi.

Oliy ta’limdan keyingi ta’lim qamrovi ham izchil kengayib bormoqda. 2024-yilda 6 ta ixtisoslik bo‘yicha PhD va DSc uchun mustaqil izlanuvchilik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, 2025–2026-yillarda doktorantura va tayanch doktorantura yo‘nalishlari 10 ta ixtisoslikka yetkazildi.
Davlat byudjeti hisobidan 2025-yilda 24 nafar, 2026-yilda 21 nafar doktorant va tayanch doktorant qabul qilindi. 2024–2026-yillarda mustaqil izlanuvchilar soni 102 nafarni tashkil etdi.
Ilmiy izlanishlar samarasi xalqaro maydonda ham ko‘rina boshladi. 2025 yilda Web of Science va Scopus bazalarida 20 ta maqola chop etilgan bo‘lsa, 2026-yil oktabr holatiga mazkur xalqaro bazalarda yana 22 ta maqola nashr qilindi. Shuningdek, 130 ta ilmiy maqola va 8 ta monografiya tayyorlandi.
Professor-o‘qituvchilarning xalqaro ilmiy ta’sir ko‘rsatkichlari ham yaxshilanmoqda. H-index ko‘rsatkichi 3 va undan yuqori bo‘lgan olimlar 25 nafarni, 5 va undan yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lganlar esa 10 nafarni tashkil etmoqda.

Bu natijalar institutda ilm-fan ta’lim jarayoniga qo‘shimcha yo‘nalish sifatida emas, balki uning muhim tarkibiy qismi sifatida qaror topayotganidan dalolat beradi. Ilmiy izlanishlar bilan o‘quv jarayonining uzviy bog‘lanishi talabalarda tadqiqotchilik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni yangilik yaratishga undash va ilmiy tafakkurini rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bugun dunyoda ta’lim tizimi chegara bilmaydi. Zamonaviy talaba o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bilim bilan cheklanib qolmasdan, xalqaro standartlar, ilg‘or metodikalar va jahon tajribasini ham o‘zlashtirishi zarur. Shu ma’noda, ta’lim sifatini xalqaro mezonlar asosida takomillashtirish institut faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.

Shu maqsadda institutda 119 ta fan dasturi QS va THE xalqaro reytinglarida TOP-300 taligiga kirgan oliy ta’lim muassasalari dasturlari asosida takomillashtirildi.
Professor-o‘qituvchilarning xorijiy tajribasini boyitishga ham alohida e’tibor qaratildi. 64 nafar pedagogning xalqaro stajirovka va malaka oshirishi ta’minlandi. Bu sa’y-harakatlar natijasida pedagoglarning zamonaviy ta’lim metodikalarini o‘zlashtirishi, xorijiy tajribani o‘rganishi va ilg‘or yondashuvlarni mahalliy o‘quv jarayoniga tatbiq etishi uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi.

Kelgusida 3 ta ta’lim yo‘nalishida xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish, 5 ta ta’lim dasturini yanada takomillashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, TOP-300 talikka kiruvchi xorijiy universitetlar dasturlari asosida 5 ta ta’lim yo‘nalishi uchun ilg‘or darsliklarni tarjima qilish va milliy o‘quv jarayoniga moslashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Ma’ruza va master-klasslarga 9 nafar xorijiy professor-o‘qituvchini jalb qilish rejasi ham institutning xalqaro aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Zamonaviy ta’limni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bugun bilim auditoriya bilan cheklanmaydi. U elektron platformalar, raqamli kutubxonalar va onlayn resurslar orqali istalgan joyda va istalgan vaqtda o‘zlashtirilishi mumkin.
Institutda ta’lim jarayoni raqamlashtirilib, 95 ta zamonaviy auditoriya tashkil etildi. Axborot-resurs markazi fondi 1139 nomdagi 9043 ta adabiyot bilan boyitildi. Mavjud adabiyotlarning 88 foizi elektron shaklga o‘tkazildi.
Kelgusida kutubxona fondini xorijiy ilmiy, o‘quv-uslubiy va elektron adabiyotlar bilan muntazam boyitish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalarning xalqaro ilmiy-ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsad qilingan. Shuningdek, talabalar, maktab o‘quvchilari va uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularga masofadan bilim olish imkonini berish maqsadida maxsus ta’lim platformasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Bu esa ta’limning yangi manzili auditoriya bilan cheklanib qolmasdan, raqamli makonga ham ko‘chib borayotganini anglatadi. Eng muhimi, raqamlashtirishdan ko‘zlangan maqsad texnologiyaning o‘zi emas, balki bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish va ta’lim sifatini oshirishdir.

Oliy ta’limdagi islohotlarning haqiqiy samarasi bitiruvchining ertangi taqdiri, uning mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi va jamiyatga keltiradigan nafida namoyon bo‘ladi.
Shu bois institutda dual ta’lim va ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida bitiruvchilarning bandlik ko‘rsatkichi 90 foizga yetkazildi.
Kelgusi bosqichda Sirdaryo viloyatidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli 200 nafar xodimni dual ta’lim asosida oliy ta’limga jalb etish rejalashtirilgan. Bu tashabbus orqali, bir tomondan, amalda mehnat qilayotgan xodimlarning oliy ma’lumot olishi ta’minlansa, ikkinchi tomondan, hududda malakali pedagog kadrlar salohiyati yanada oshiriladi. Shu tariqa ta’lim muassasasi bilan mehnat bozori o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga erishiladi.

Bugun oliygoh faqat bilim beruvchi maskan emas. U yangi g‘oyalar tug‘iladigan, innovatsion yechimlar sinovdan o‘tadigan va ilmiy ishlanmalar amaliyotga tatbiq etiladigan muhitga aylanishi lozim. Guliston davlat pedagogika institutida so‘nggi yillarda bu yo‘nalishda ham muayyan ishlar amalga oshirildi.«Sirdaryota’limi.uz» elektron ta’lim resurslarini yaratish loyihasi 547 million so‘m mablag‘ bilan moliyalashtirildi. «MEDAP» startapi esa 20 ming AQSH dollari miqdorida qo‘llab-quvvatlandi. Endi vazifalar yanada katta. Kelgusi bir yilda kamida 5 ta amaliy va innovatsion loyiha hamda 3 ta startapni tayyorlash, ularni tijoratlashtirish bosqichiga olib chiqish ko‘zda tutilmoqda.
«Startap club» orqali 15 ta innovatsion g‘oya va startap loyihasi saralanib, ularning 5 tasini inkubatsiya va akseleratsiya bosqichiga olib chiqish, 3 ta talabalar startapini moliyalashtirish rejalashtirilgan.
Demak, bugungi talaba uchun g‘oya — ertangi startap, ilmiy izlanish esa amaliyotda qo‘llanadigan innovatsion mahsulotga aylanishi mumkin. Bunday yondashuv talabani faqat tayyor bilimni o‘zlashtiruvchi emas, balki yangi g‘oya va yechimlarni taklif eta oladigan faol sub’ekt sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.

Ta’lim sifatini oshirishda zamonaviy moddiy-texnik baza ham muhim ahamiyatga ega.
Investitsiya dasturi asosida 1000 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Mavjud ta’mirtalab bino rekonstruksiya qilinib, 550 o‘rinli o‘quv binosi tashkil etildi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida ikkita 400 o‘rinli talabalar turar joyi barpo etildi. 100 o‘rinli talabalar ustaxonasi ham foydalanishga topshirildi.
Talabalarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun mini-futbol, gandbol, basketbol, voleybol, badminton maydonlari, yugurish yo‘laklari va vorkaut hududini qamrab olgan kompleks sport maydoni qurildi.
Insonning jismoniy holatini aniqlashga mo‘ljallangan diagnostika o‘quv laboratoriyasining tashkil etilgani esa ta’lim jarayonining amaliy mazmunini yanada boyitdi.
Yaratilgan zamonaviy infratuzilma nafaqat ta’lim olish uchun qulay sharoit, balki talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish va o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun ham muhim imkoniyat yaratmoqda.
Erishilgan natijalar institut jamoasini yangi vazifalar sari undamoqda.
Kelgusi bir yilda ilmiy salohiyatni 44,5 foizdan kamida 50 foizga yetkazish, kamida 15 ta PhD va DSc dissertatsiyasi himoyasini ta’minlash, Scopus va Web of Science bazalarida indekslangan maqolalar sonini 25 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Ilmiy ishlanmalar va xo‘jalik shartnomalaridan tushumni 180 million so‘mga yetkazish, doktorantura va tayanch doktorantura yo‘nalishlarini mehnat bozori hamda hudud ehtiyojlariga moslashtirish, ilmiy tadqiqotlarni «O‘zbekiston — 2030» strategiyasining ustuvor vazifalari bilan uyg‘unlashtirish ham muhim maqsadlarimizdan hisoblanadi. Ta’lim yo‘nalishida esa xalqaro dasturlarni joriy etish, xorijiy darsliklarni milliy o‘quv jarayoniga moslashtirish, yetakchi xorijiy professorlarni ta’lim jarayoniga jalb qilish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

Institut qoshida ingliz, nemis, xitoy, rus va turk tillarini o‘qitish markazini tashkil etish rejasi ham yoshlarning xalqaro bilim va axborot maydoniga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi. Zero, bugun xorijiy tilni bilgan, raqamli texnologiyalarni egallagan, mustaqil fikrlaydigan va o‘z kasbiy mahoratini doimiy ravishda oshirib boradigan yoshning imkoniyatlari chegarasiz.
Guliston davlat pedagogika institutining 2022-yildan buyon bosib o‘tgan qisqa, ammo mazmunli yo‘liga nazar tashlasak, ta’lim, ilm-fan va infratuzilma yo‘nalishlaridagi yangilanishlar ko‘lamini raqamlar orqali ham, bugun shakllangan ta’lim muhiti orqali ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Institutning ilmiy salohiyati 16 foizdan 44,5 foizga yetdi. Dissertatsiyalar himoyasi yildan-yilga oshib, ilmiy izlanishlar ko‘lami kengaydi. Professor-o‘qituvchilarning xalqaro ilmiy bazalardagi faolligi kuchaydi, yangi o‘quv binolari, talabalar turar joylari, laboratoriyalar va sport inshootlari barpo etildi. Ta’lim dasturlari xalqaro mezonlar asosida takomillashtirilib, zamonaviy o‘qitish usullari o‘quv jarayoniga tobora keng kirib kelmoqda. Biroq islohotlarning haqiqiy samarasini faqat raqamlar, yangi binolar yoki statistik ko‘rsatkichlar bilan baholab bo‘lmaydi. Eng muhim o‘zgarish — ta’limga bo‘lgan yondashuvning yangilanganida.

Bugungi talaba faqat bilimni tayyor holda qabul qiluvchi emas, balki uni izlaydigan, tahlil qiladigan, amaliyotda qo‘llaydigan va yangi g‘oyalarga aylantiradigan shaxs sifatida shakllanmoqda. U ilmiy tadqiqot olib borishi, xalqaro ilmiy nashrlarda o‘z maqolalarini e’lon qilishi, startap va innovatsion loyihalar ustida ishlashi, xorijiy tillarni o‘rganishi, raqamli ta’lim resurslaridan foydalanishi hamda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan professorlar bilan tajriba almashishi uchun zarur sharoitlarga ega bo‘lmoqda. Bu esa oliy ta’limdagi islohotlarning mohiyatini yanada teranroq anglash imkonini beradi. Gap faqat zamonaviy auditoriya yoki yangi laboratoriya barpo etishda emas. Asosiy maqsad — yoshlarni mustaqil fikrlaydigan, izlanuvchan, raqobatbardosh, zamon talablariga javob beradigan va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan mutaxassislar etib tarbiyalash.
Yangi O‘zbekistonda ta’lim sohasiga yo‘naltirilayotgan har bir sarmoya, avvalo, inson kapitaliga kiritilayotgan sarmoyadir. Yangi o‘quv binosi — bilim olish uchun yaratilgan muhit, zamonaviy laboratoriya — ilmiy izlanishlar uchun imkoniyat, xorijiy darslik — yangi tafakkur sari yo‘l, startap va innovatsion loyiha esa yoshning o‘z g‘oyasini amaliyotga tatbiq etishi uchun berilgan imkoniyatdir.

Guliston davlat pedagogika institutida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar ham ana shu keng qamrovli islohotlarning Sirdaryodagi amaliy natijalaridan biridir. Zero, bu dargohda bugungi yaratilayotgan ta’lim muhiti faqat hozirgi talabalarning emas, balki ular ertaga ta’lim beradigan minglab o‘quvchilarning kelajagiga ham ta’sir qiladi.
Chunki bugungi auditoriyada o‘tirgan talaba — ertaga maktab ostonasiga qadam qo‘yadigan o‘quvchining ustozi. Uning bilimi, dunyoqarashi, kasbiy mahorati va yangilikka intilishi kelajak avlodning ta’lim sifatida o‘z aksini topadi.

Shu bois ta’limdagi bugungi yangilanishlarning eng katta qiymati — ularning ertaga beradigan samarasidir. Bugungi qurilayotgan bino, tashkil etilayotgan laboratoriya, himoya qilinayotgan dissertatsiya, chop etilayotgan ilmiy maqola yoki qo‘llab-quvvatlanayotgan startap — barchasi bir maqsadga, ya’ni bilimli, salohiyatli va Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Demak, kecha va bugun o‘rtasidagi farqni faqat raqamlarda emas, insondagi o‘zgarishda ko‘rish mumkin. Ta’limdagi har bir yangilanish, avvalo, yoshning tafakkuri, salohiyati va kelajakka bo‘lgan ishonchini o‘zgartiradi. Ana shu jihatdan qaraganda, bugun ta’limga kiritilayotgan sarmoya — ertangi taraqqiyotning eng ishonchli poydevoridir.
Jahongir Qarshiboyev,
Guliston davlat pedagogika instituti rektori
O‘zA