Kelajak avlod kamoloti yo‘lidagi muhim qadam
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Chust tumani Do‘stlik mahallasi markazida zamonaviy talablarga javob beradigan yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti — “Davr bolajon” xususiy bog‘chasi foydalanishga topshirildi.
Loyiha yosh tadbirkor Saida Mirsaidovaning tashabbusi bilan amalga oshirildi. Bog‘chani barpo etish uchun tadbirkorning o‘z mablag‘idan 1 milliard 200 million so‘m hamda “Yoshlar yetakchisi” tavsiyasi asosida “Aloqabank”dan 3 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘i yo‘naltirildi.
Bog‘chaning barpo etilishi mahallada bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish imkoniyatlarini kengaytirish, ota-onalarning sifatli ta’lim va qulay sharoitlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
[gallery-31080]
Zamonaviy loyiha asosida qurilgan majmuada bolalar uchun keng va yorug‘ guruh xonalari, o‘yin maydonchalari, musiqa va sport zallari, tibbiyot xonasi, oshxona hamda dam olish joylari tashkil etilgan. Bino zarur xavfsizlik talablariga mos ravishda videokuzatuv va yong‘indan himoya tizimlari bilan jihozlangan.
Ta’lim-tarbiya jarayoni davlat maktabgacha ta’lim dasturi asosida tashkil etiladi. Shuningdek, bolalarning xorijiy tillarni o‘rganishi, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishi, musiqa, tasviriy san’at, sport va mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishiga qaratilgan qo‘shimcha mashg‘ulot va to‘garaklar yo‘lga qo‘yilgan.
Ta’lim jarayonida har bir bolaga individual yondashuvga alohida e’tibor qaratiladi. Bog‘chada faoliyat yuritayotgan pedagoglar zamonaviy ta’lim metodlarini muntazam o‘zlashtirib, malakasini oshirib bormoqda.
Yangi ta’lim maskani ishga tushirilishi natijasida 13 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ularning 7 tasi yoshlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yil yakuniga qadar ish o‘rinlari sonini 30 taga yetkazish rejalashtirilgan.
— Bog‘chamizda bolalar uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish, ularga sifatli ta’lim va tarbiya berishni asosiy maqsad qilganmiz. Eng muhimi, farzandlarimiz o‘z qobiliyati va qiziqishlarini erkin namoyon etadigan, xavfsiz va qulay muhitda ulg‘ayishiga erishishdir, - deydi yosh tadbirkor Saida Mirsaidova.
Yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti nafaqat bolalarni sifatli ta’lim bilan qamrab olish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va mahallada tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA