Mahallalarda xavfsiz muhitni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi
Poytaxtimizda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va aholi osoyishtaligini mustahkamlash borasida davlat rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining tegishli qaror va topshiriqlarida belgilangan vazifalarning hududlarda amalga oshirilishi, huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini barvaqt aniqlash hamda ularni bartaraf etish, profilaktik ishlarni samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslar bilan manzilli profilaktik ishlarni kuchaytirish, mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, mas’ul idoralar o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Muhokama davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, belgilangan chora-tadbirlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish hamda ijro intizomini kuchaytirish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Tadbirda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan polkovnik Timur Ismailov O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i lavozimidan ozod etildi.
G.Boboyeva,
O‘zA