Kegeylida Shinjon usulida paxta yetishtirish tajribasi
Qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va yuqori hosildorlikka erishish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Ayniqsa, suv taqchilligi va tuproq sho‘rlanishi bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharoitida paxtachilikka zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.
— Shu nuqtai nazardan, Kegeyli tumanida Xitoy tajribasi asosida Shinjon usulida paxta yetishtirish bo‘yicha amalga oshirilgan tajriba alohida e’tiborga loyiq, — deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirining oziq-ovqat xavfsizligi hamda qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mahmud Muxanov. — Mazkur tajriba suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, agrotexnik tadbirlarni maqbullashtirish hamda paxta hosildorligini ko‘paytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Joriy yilda tumandagi “Ichanqal’a” ovul fuqarolar yig‘ini hududida xitoylik tadbirkorlar ishtirokida 50 gektar maydonda Xitoy texnologiyasi asosida, Shinjon usulida paxta yetishtirildi. May oyida chigitlar tomchilatib sug‘orish tizimidan foydalangan holda, plyonka ostiga ekildi. Ayni paytda mazkur maydonda paxta yig‘im-terimi davom etmoqda.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, ushbu maydonda har gektardan o‘rtacha 72 sentner, ya’ni 7,2 tonnadan hosil olinmoqda. Bu ko‘rsatkich zamonaviy texnologiyalarni mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirish va ulardan samarali foydalanish istiqbollarini o‘rganish uchun muhim tajriba hisoblanadi.
Shinjon usulining asosiy jihatlaridan biri ekishdan boshlab sug‘orish, oziqlantirish va boshqa agrotexnik jarayonlarni o‘zaro uyg‘unlashtirish orqali resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishdir. Bunda tomchilatib sug‘orish suvni bevosita o‘simlik ildiz zonasiga yetkazish imkonini beradi. Plyonka ostida ekish esa tuproq namligini saqlash, begona o‘tlar rivojlanishini cheklash va ekin parvarishiga sarflanadigan ayrim xarajatlarni kamaytirishga xizmat qilishi mumkin.
[gallery-32180]]
Qoraqalpog‘iston sharoitida paxta yetishtirish jarayonida suv resurslari bilan bir qatorda mehnat, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallari va texnika xarajatlaridan samarali foydalanish ham muhim hisoblanadi.
An’anaviy usulda paxta yetishtirishda yerning sho‘rini yuvish, qator oralariga ishlov berish, begona o‘tlarni yo‘qotish va boshqa agrotexnik tadbirlar uchun katta miqdorda suv, mehnat hamda moddiy resurslar talab etiladi. Shinjon usulida qo‘llanilayotgan texnologik yechimlar ushbu xarajatlarning bir qismini kamaytirish imkonini beradi.
Xususan, tajriba maydonida kuz-qish oylarida tuproq sho‘rini yuvish uchun suv sarflanmagani qayd etilmoqda. Mineral o‘g‘itlarni sug‘orish suv bilan birga o‘simlik ildiziga yetkazib berish esa oziqlantirish jarayonini samarali tashkil etishga yordam beradi. Shuningdek, plyonka bilan qoplangan qatorlarda begona o‘tlarning kamayishi va qator oralariga mexanizatsiya vositalari yordamida ishlov berishga ehtiyojning qisqarishi mehnat hamda texnika xarajatlarini tejash imkonini yaratadi.
Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha fermer xo‘jaliklari tomonidan jami 80 ming gektar maydonda paxta yetishtirish rejalashtirilgan. Shundan 50 ming 832 gektar maydonda 76x10 ekish sxemasi qo‘llanilgan. Shuningdek, 21 ming 400 gektar maydonda Shinjon usulida paxta yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan, 38 ming 355 gektar maydonda esa xorijiy seleksiyaga mansub navlar ekilgan.
Ushbu ko‘rsatkichlar hududda paxtachilikni rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Kegeyli tumanida amalga oshirilgan tajriba kelgusi yilda Shinjon usulida paxta yetishtirish maydonlarini kengaytirish masalasini kun tartibiga olib chiqdi. Dastlabki rejalarga ko‘ra, xitoylik investorlar ishtirokida tumanda 3 ming gektar maydonda ushbu texnologiya asosida paxta ekish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur rejada sho‘r yuvish tadbirlarisiz paxta yetishtirish imkoniyatlarini o‘rganish ham nazarda tutilgan. Biroq bunday yondashuvni amaliyotga keng joriy etishda har bir maydonning tuproq sho‘rlanishi, sizot suvlari sathi va mineral tarkibi, suv sifati hamda drenaj holatini hisobga olish zarur. Sho‘rlanish xavfi yuqori bo‘lgan yerlarda sho‘r yuvishdan butunlay voz kechish tuproq holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli ushbu texnologiyani kengaytirish ilmiy tavsiyalar va tuproq tahlillari asosida amalga oshirilishi lozim.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida raqobatbardoshlikni ta’minlash nafaqat yuqori hosil olish, balki har bir gektar yer, har bir kub metr suv va sarflangan har bir mablag‘dan oqilona foydalanishni talab etadi.
Mazkur tumanda Shinjon usulida paxta yetishtirish bo‘yicha olib borilayotgan tajriba aynan shu maqsadlarga xizmat qiladi. Uning natijalarini tizimli o‘rganish, mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga mos jihatlarini aniqlash va iqtisodiy samaradorligini hisob-kitoblar bilan asoslash kelgusidagi ishlarning ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lishi kerak.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA