Kaspiy dengizida yangi orollar paydo bo‘lmoqda
Kaspiy dengizi sathi yillar davomida pasayishda davom etmoqda va uning Qozog‘iston sohillarida suv ostida qolgan ayrim hududlar endi orol sifatida yuzaga chiqmoqda. Olimlar dengizning shimoliy qismidagi jarayonlar kelajakda Orol dengizi kabi qurish xavfini keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Qozog‘istonning shimoliy va shimoli-sharqiy sohillari Kaspiyning eng sayoz qismi bo‘lib, chuqurligi odatda 3-6 metrdan oshmaydi. Suv sathi 1996-yildan 2025-yilgacha 2,45 metrga pasaygan, joriy yil iyul oyida esa Qulali oroli yaqinidagi ko‘rsatkich tarixiy eng past — dengiz sathidan 29,42 metr past darajaga tushgan.
Shu jarayon natijasida so‘nggi 4-5 yilda bir nechta yangi orollar paydo bo‘lgan: ayrimlarining uzunligi bir kilometrga, eni esa 200-300 metrga yetadi. Yangi quruqliklarga yovvoyi cho‘chqa va hatto bo‘rilar ham yetib bormoqda.
Dengiz sathining pasayishiga iqlim isishi tufayli bug‘lanishning kuchayishi, yog‘ingarchilik kamayishi va daryo suvlaridan inson ehtiyojlari uchun foydalanish ta’sir qilmoqda. Kaspiy dengizidagi suv sathi pasayishi 2000-2025-yillarda suv bilan qoplangan maydonni qariyb 16 384 kvadrat kilometrga qisqartirgan.
Bu jarayon dengizda faqat yangi orollar paydo bo‘lishi bilan cheklanmayapti: dunyoda boshqa joyda uchramaydigan Kaspiy tyulenlari uchun mavsumiy orolchalar maydoni 1995-yildan beri 15 baravardan ziyod kamaygan.
Ekologlar butun Kaspiy Orol dengizi taqdiriga duch kelmaydi, deb hisoblaydi, ammo shimoldagi sayoz hududlarning jiddiy qurishi ehtimolini istisno qilmayapti. Tadqiqotchilar taxminicha, asr oxirigacha dengiz sathi yana 8 metrgacha pasayishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA