Kasbga sadoqat, halol mehnat va yurtga fidoyilik
Bugun mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish, aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va kommunal xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, energetika va gaz ta’minoti tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar aholining hayoti va kundalik ehtiyojlari bilan bevosita bog‘liqligi bilan ahamiyatlidir.
Gaz ta’minotining barqarorligi va xavfsizligi esa, o‘z navbatida, zamonaviy texnologiya va infratuzilma bilangina emas, balki shu tizimda sidqidildan mehnat qilayotgan fidoyi insonlarning kasbiy mahorati va mas’uliyati bilan ham ta’minlanadi.
Jalol Shomurodov 24 yildirki, “Xatirchitumangaz” gaz ta’minoti bo‘limida chilangar vazifasida mehnat qilib kelmoqda. Uning chorak asrga yaqin mehnat faoliyati gaz ta’minoti tizimidagi o‘zgarishlar, yangilanishlar va talablarning ortishi bilan uyg‘un kechdi.
U dastlab soha sirlarini tajribali ustozlaridan o‘rgandi. Gaz ta’minoti sohasida ko‘p yillar mehnat qilgan Bahodir Islomov, Rustam O‘tapov va Yusuf Ortiqovlarning chilangarlik kasbiga oid saboqlari, ish jarayonidagi ko‘rsatmalari va boy tajribalari uning kasbiy shakllanishida muhim o‘rin tutdi.
Ustozlardan o‘rganganini amaliyotda sinab, o‘z ustida muntazam ishlagan Jalol bugun o‘z kasbining yetuk mutaxassisiga aylandi. Jamoada ham uning mehnatsevarligi, mas’uliyatliligi va tajribasi qadrlanadi. Eng muhimi, kechagi shogird bugun yoshlarga kasb sirlarini o‘rgatayotgan ustoz darajasiga yetdi.
Jalol Shomurodovga tumandagi Xo‘jaqo‘rg‘on va Miyonqol mahallalari hududi biriktirilgan. Uning ish kuni aholi xonadonlari va ijtimoiy ob’ektlarining xavfsiz va barqaror gaz ta’minotini nazorat qilish bilan boshlanadi.
U har kuni gaz taqsimlash qurilmalarini texnik nazoratdan o‘tkazadi, gaz quvurlarining sozligini tekshiradi. Gaz sizib chiqishi bilan bog‘liq holat aniqlansa, uni tezkor bartaraf etish choralarini ko‘radi. Elektron gaz hisoblash uskunalarida yuzaga keladigan muammolarni ham o‘z vaqtida hal etishga harakat qiladi.
Bularning barchasi oddiy vazifadek ko‘rinishi mumkin. Ammo gaz ta’minoti sohasida har bir ish ortida katta mas’uliyat, aniq bilim va boy tajriba turadi. Chunki bu yerda e’tiborsizlikning oqibati jiddiy bo‘lishi mumkin. Shu bois Jalol Shomurodov singari o‘z ishiga vijdonan yondashadigan mutaxassislarning mehnati har qanday islohotning joylardagi amaliy natijasini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, bugun gaz ta’minoti sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi ham aholiga sifatli, ishonchli va xavfsiz xizmat ko‘rsatishdan iborat. Tizimda raqamlashtirish, zamonaviy hisoblash vositalarini joriy etish, infratuzilmani yangilash va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, avvalo, insonlar hayotida qulaylik va xotirjamlikni ta’minlashga qaratilgan.
– Gazchilik sohasi juda qiziqarli va shu bilan birga o‘zining qiyinchiliklariga ham ega. Shunga qaramay, kasbimni yaxshi ko‘raman. Mana, 24 yildirki, biror marta chilangarlik kasbini tanlaganimdan afsuslanganim yo‘q. Shu kasbim orqasidan oilamni tebratyapman, farzandlarimizni voyaga yetkazyapmiz. Katta qizim ham neft va gaz sanoati yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim dargohida tahsil olmoqda. Farzandlarim ham kelajakda o‘z kasbining yetuk ustalari bo‘lib yetishishini niyat qilaman, – deydi qahramonimiz.
Darhaqiqat, inson o‘z kasbini sevsa, uning mehnatida baraka, faoliyatida samara bo‘ladi. Jalol Shomurodovning hayot yo‘li buning yaqqol misoli. Uning 24 yillik mehnat faoliyati davomida orttirgan tajribasi nafaqat o‘zi uchun, balki jamoa va yosh mutaxassislar uchun ham muhim maktab vazifasini o‘tamoqda.
Qahramonimiz uch qiz va bir o‘g‘ilning otasi, ikki nabiraning suyukli bobosi. U oilasida mehribon ota va bobo bo‘lish bilan birga, ishxonasida mas’uliyatli xodim, yoshlarga o‘rnak bo‘layotgan tajribali mutaxassis sifatida ham hurmat qozongan.
Albatta, kasbga sadoqat, halol mehnat va yurtga fidoyilik har qanday taraqqiyotning mustahkam poydevoridir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri