“Karkidon” oromgohlari dam oluvchilarni kutadi
Quva tumani hududidagi "Karkidon" suv ombori atrofi ko‘p yillardan buyon qarovsiz edi. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan bu yerda juda katta bunyodkorlik ishlari boshlandi. U turizm maskaniga aylantirilib bira to‘la o‘n ming ichki va xorijiy sayyoh maroqli dam olishi mumkin bo‘lgan majmua sifatida qurildi.
Ushbu hududda 57 ta zamonaviy mehmon uyi, restoran va kafe foydalanishga topshirilish arafasida, 20 dan ortiq mavjud dam olish maskanlari qayta rekonstruksiya qilindi, 200 gektar maydonda sug‘orish tizimi tashkil etilib, 100 mingdan ortiq noyob daraxt va butalar ekildi, 48 gektar maydonda sokin hudud, gullar bog‘i, 30 gektar maydonda agroturizm majmuasi, 35 gektar maydonda lavandazor va shale uylar tashkil etish ishlari yakunlanmoqda.


Bu ishlar boshlanganiga ko‘p bo‘lmadi. Lekin binolar asta bo‘y ko‘rsatdi. Manzarali daraxtlar ko‘rkamlik bera boshladi. Shu o‘rinda suv ombori atrofi toshli qir-adirdan, past-balandlikdan iboratligini alohida aytish lozim. Ularni obodonlashtirish, suv bilan ta’minlash uchun bir necha tik quduqlar qazildi. So‘ngra suv qirlarga bir necha bosqich nasoslarda ko‘tarilib, daraxtzorlar ostiga tomchilatib sug‘orish usulida olib kelinyapti.


– Master reja 250 gektarga moslab ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda 60-70 foiz qurilish ishlari yakunlangan. 2027-yilda to‘liq foydalanishga topshiriladi, – deydi Farg‘ona viloyati hokimligi loyiha bo‘limi boshlig‘i Asilbek Ne’matov. –Ob’ektlarimiz dam olish zonasi, har xil turdagi attraksion, akvapark, ovqatlanish zonasi, bolalar va kattalar uchun o‘yingohlar, golf maydonlari, kartin, motozonalar hamda cho‘milish zonalarini o‘z ichiga oladi.

Aytishlaricha, Karkidon dam olish hududi ikki adir oralig‘i bo‘lib, hamisha shabboda. Bag‘ri-dilingiz yayraydi. Bu yerdagi dam olish uylari bir yilda 750 ming aholiga xizmat ko‘rsata oladi.
Karkidonda yana bir loyihaga qo‘l urdilar.

– Boshqa davlatlarda ko‘zda tutilmagan jihat bu 12 gektarda gullar bog‘i borligi. Buning muqobili boshqa davlatlarda yo‘q. Dubayda 6 gektarli gulzor bor, bizniki ikki barobar ko‘p, – deydi Asilbek Ne’matov.

Sayohlik markazidagi o‘n ikki gektarlik gulbog‘ga dunyoning eng go‘zal, noyob gul ko‘chatlarini olib kelish haqida shartnomalar imzolandi. Xitoylik mutaxassislar bu vazifani bajarishda hamkorlik qiladilar.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/PKl47rHYIFU?si=NvSPm84ZyA9iprk1" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov(video, surat), O‘zA