“Karera kuni”: mehnat yarmarkasi o‘tkazildi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida bitiruvchi kurs talabalarining bandligini ta’minlash maqsadida “Karera kuni” doirasida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda unga qarashli shahar va tuman bo‘limlari vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Kelajak markazi”, tijorat banklari, shuningdek, bir qator oliy ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

“Karera kuni” mehnat yarmarkasini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarga mehnat qonunchiligi haqida tushunchalar berish, ishga joylashish uchun hujjatlarni tayyorlash va ish beruvchilar bilan suhbatlashish usullarini o‘rgatish, ish beruvchilar uchun institutda tayyorlanayotgan kadrlar salohiyatini tanishtirish, o‘qiyotgan va bitiruvchi kurs talabalarining bandligini ta’minlashga ko‘maklashishdan iboratdir.

– O‘tgan o‘quv yilida institutni 4 ming 369 nafar talaba bitirib chiqqan bo‘lsa, shundan 81,9 foiz bitiruvchining bandligi ta’minlandi. Bu yilgi o‘quv yilida esa jami 4 ming 420 nafar talaba bitirib chiqishi kutilayotgan bo‘lib, shundan hozirgacha 54 foiz bitiruvchi doimiy ish bilan band. Bugungi mehnat yarmarkasi bitiruvchilarga bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berish va ishga joylashishiga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi, – deydi institutning registrator ofisi rahbari Bekmurat To‘lepov.

Mehnat yarmarkasida asosiy ish beruvchi hisoblangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi boshqarma va bo‘limlar bilan hamkorlikda tadbirkorlik sub’ektlari, davlat va nodavlat muassasalari, korxona va tashkilotlar vakillari bo‘sh ish o‘rinlarini namoyish etdi.

Tadbir davomida talaba-yoshlar bandligini ta’minlash, ularga tegishli sohalar bo‘yicha ish o‘rinlariga yo‘llanmalar berish, ish beruvchilar bilan shartnomalar tuzish ishlari olib borildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.