Inson qadrini ulug‘layotgan ezgu amal
Bugungi kunda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Ayniqsa, joylarda amalga oshirilayotgan manzilli yordamlar, xayrli tashabbus va saxovatli ishlar xalq manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi amaliy qadam sifatida ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Murat Atamuratov tashabbusi bilan Nukus shahridagi “Ishbilarmonlar hududi” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Qurbonovlar oilasiga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

Mazkur xayrli tashabbus O‘zLiDeP tomonidan ilgari surilgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. O‘rganishlar davomida Qurbonovlar oilasi istiqomat qilib kelayotgan bir xonali uy yomg‘irli va sovuq kunlarda yashash sharoiti og‘irlashib, farzandlar xavfli muhitda umr kechirayotgani barchani befarq qoldirmadi.

Shundan so‘ng, ezgu tashabbus asosida eski va nosoz uy o‘rniga zamonaviy, shinam va keng to‘rt xonali yangi xonadon qurish ishlari boshlab yuborildi. Bugungi kunda qurilish jarayonida mahalla faollari, partiya a’zolari, volontyor yoshlar hamda hasharchilar birdamlik bilan ishtirok etib, quruvchilarga yaqindan ko‘mak bermoqda.
– Eng quvonarlisi, bu ishda yoshlarimiz, mahalla ahli va hasharchilar bir yoqadan bosh chiqarmoqda. Kimdir mehnati, kimdir duosi bilan hissa qo‘shyapti, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bog‘dagul Qudaybergenova.
Albatta, bunday ezgu amallar jamiyatda mehr-oqibat, birdamlik va insonparvarlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu kabi xayrli ishlar orqali inson qadri ulug‘lanib, xalq manfaatlari yo‘lida amaliy ishlar davom etayotgani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.