Kanal va katta ariqlar bo‘yini aholi uchun ochiq va xavfsiz sayr hududiga aylantirish taklif qilindi
Yig‘ilishda davlat mulkini xususiylashtirish orqali yangi investitsiya va biznes loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Birgina Olmazor tumanining o‘zida qiymati 100 milliard so‘m bo‘lgan 52 ta davlat ob’ekti savdoga chiqarilmoqda. Ularni tayyor biznes loyihalari bilan birga tadbirkorlarga taklif etish byudjet tushumlari va iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, aholining ko‘proq piyoda yurishi, sport bilan shug‘ullanishi va ochiq havoda dam olishi uchun zamonaviy infratuzilma yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Qichqiriq mahallasida 2,5 kilometr soybo‘yi hududida ekosayilgoh va 12,5 kilometr piyodalar yo‘lagi tashkil etilgan. Bu aholi orasida ertalab badantarbiya qilish va kechqurun piyoda sayr qilish odatini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Poytaxtdagi kanal va katta ariqlar bo‘yini aholi uchun ochiq va xavfsiz sayr hududiga aylantirish taklif qilindi. Jumladan, Bo‘zsuv kanalining Shahidlar xotirasi xiyobonidan Chilonzor tumanigacha bo‘lgan qismida 20 kilometrlik uzluksiz piyodalar yo‘lagini tashkil qilish imkoniyati mavjud.
Bu borada bir oy ichida alohida loyiha ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
O‘zA