Kamtarin, ham buyuk va betakror san’atkor yodi
O‘zbekiston davlat konservatoriyasida O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlab “Botir Zokirov ijodiy merosining milliy san’atimiz taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi Rustam Abdullayev, O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi rektori Kamoliddin O‘rinboyev mamlakatimizda milliy musiqa san’ati sohasini ravnaq toptirish masalasi doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ustoz san’atkor ijodini yanada kengroq ommalashtirishda muhim omil bo‘lmoqda. Mazkur qaror milliy estrada ijrochilik maktabini yaratish, sohada yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, yurtimizning ilmiy-ijodiy salohiyatidan foydalangan holda milliy estrada san’atini jadal rivojlantirishdek maqsadlarni ko‘zlagani bilan ahamiyatlidir.

Mazkur hujjat O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzurida Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutini tashkil etish bo‘yicha ilg‘or tashabbuslarning hayotga joriy etilishida, yosh san’atkorlar ijodini yuqori pog‘onada yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lmoqda.
– Aslida Zokirovlar sulolasini buyuk sulola, deb atasak mubolag‘a bo‘lmaydi, – dedi O‘zbekiston kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi raisi, ustoz musiqashunos Rustam Abdullayev. – Jumladan, Karim Zokirov milliy opera san’ati darg‘asi, asoschisi bo‘lgan edilar. O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov – milliy estrada san’ati maktabini yaratgan inson. Farrux Zokirov esa vokal-cholg‘u ansambli yo‘nalishida betakror maktabga ega bo‘lgan san’atkordir. Botir Zokirov o‘z ijodiy darajasini hamisha yuqori, baland tutgan edilar. Mutal Burxonov, Ikrom Akbarov, Sulaymon Yudakov, Sayfi Jalil singari professional kompozitorlar bilan ijodiy hamkorlik esa ustoz san’atkor qo‘shiqlarining mukammalligiga asosiy omil bo‘lgan. Qarang, ustoz san’atkor 50 ga yaqin kompozitorning asarini ijro etgan. Ayni paytda nainki mamlakatimizda, balki jahonda iste’dodi yuksak e’tirof etilgan bu san’atkor nihoyatda kamtar, kamsuqum, ma’naviyati teran, o‘ta madaniyatli, ziyoli inson edi. Botir Zokirov o‘zini xonanda, sozanda, rassom, haykaltarosh, rejissyor, aktyor sifatida namoyon eta olgan edi. U O‘zbekiston san’ati uchun jonini fido etgan inson sifatida muxlislar qalbida yashaydi.

Xalqaro konferensiyada Botir Zokirov ijodiy merosining o‘rni va ahamiyati xususida yurtimiz va xorijlik mutaxassislar batafsil fikr yuritdilar.
Estrada yo‘nalishida izlanayotgan yosh xonandalar ishtirokida gala-konsert bo‘lib o‘tdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA