Milliy tarbiya jarayonlarini tashkil etishning institutsional modellari muhokama qilindi
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutida "Milliy tarbiya jarayonlarini tashkil etishning institutsional modellari va boshqaruv mexanizmlari" mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda 100 nafardan ortiq olimlar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, doktorantlar, pedagoglar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbir davomida milliy tarbiyaning zamonaviy mazmuni, yosh avlodda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish, tarbiya jarayonlarini boshqarish, shuningdek, ta’lim muassasalari, oila, mahalla, davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Konferensiyada milliy tarbiyani tashkil etishning markazlashgan, hamkorlikka asoslangan, mahalliy-jamoaviy hamda aralash modellari tahlil qilindi. Xususan, davlat boshqaruvi, mahalla institutining ijtimoiy-tarbiyaviy salohiyati va fuqarolik jamiyati institutlari imkoniyatlarini uyg‘unlashtirishga asoslangan aralash model O‘zbekiston sharoitida istiqbolli yondashuv sifatida ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, milliy tarbiya jarayonini boshqarishning tashkiliy-huquqiy, moliyaviy-iqtisodiy, pedagogik-metodik, ijtimoiy sheriklik hamda monitoring va baholash mexanizmlari yuzasidan takliflar ilgari surildi. Tadbirda Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniya va Finlyandiyadagi milliy tarbiya va ta’lim jarayonlarini tashkil etish tajribasi ham qiyosiy jihatdan ko‘rib chiqildi. Xorijiy tajribani to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirish emas, balki uning samarali jihatlarini O‘zbekistonning milliy va ijtimoiy sharoitlariga moslashtirish zarurligi qayd etildi.
Konferensiya doirasida milliy tarbiya samaradorligini baholash mezonlari ham muhokama qilindi. Bunda yoshlarning milliy qadriyatlar, tarix va an’analar bo‘yicha bilimlari, ulardagi qadriyatlarga munosabat, ijtimoiy faollik hamda oila, ta’lim muassasasi va mahalla kabi institutlar o‘rtasidagi hamkorlik darajasini baholash taklif etildi.
Tadbir yakunida milliy tarbiya jarayonlarini yanada takomillashtirish, ta’lim muassasalari, oila va mahalla hamkorligini kuchaytirish, pedagog kadrlar malakasini oshirish, shuningdek, raqamli texnologiyalardan tarbiyaviy maqsadlarda samarali foydalanishga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilishi ta’kidlandi.
Konferensiya milliy tarbiya sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, ilg‘or tajribalarni almashish va soha rivojiga oid ilmiy-amaliy takliflarni shakllantirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.
[gallery-31688]
Hamroz Bayonov, O‘zA