Jurnalistlar sudlar faoliyati va sud jarayonlarini yoritish ko‘nikmalarini oshirmoqda
Termizda bugun "Ommaviy axborot vositalarida sud organlari faoliyati va sud jarayonlarini yoritishda jurnalist va blogerlarning kasbiy malakasini oshirish" mavzusiga bag‘ishlangan hududiy trening mashg‘ulotlari boshlandi.
Surxondaryo va Qashqadaryo viloyati ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etayotgan tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jamoatchilik bilan aloqalar markazi bosh konsultanti Aziz Abidov ochdi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori ofisining loyihalar bo‘yicha xalqaro maslahatchisi Andrian Grintea videomurojaat orqali trening mashg‘ulotining mazmun-mohiyati haqida atroflicha fikr yuritdi. Ishtirokchilarni mashg‘ulotlarda faol qatnashishga chaqirdi.

Tadbirning birinchi kuni jurnalist va blogerlar “Sud tizimini tushunish va xalqaro standartlar” mavzusidagi mashg‘ulotlarda ishtirok etib, odil sudlov sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jamoatchilik bilan aloqalar markazi bosh konsultanti Aziz Abidov hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari trenerlari Dainius Radzevichius va Olena Cherniyavska jurnalistlarga mamlakatimizdagi sud-huquq tizimi, ochiq odil sudlov tamoyillari, sud va huquqiy reportajlarning o‘ziga xos jihatlari, shuningdek, sudlar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi xalqaro standartlar haqida ma’lumot berdi.

"Sud tizimi va huquqiy atamalarni qanchalik yaxshi bilasiz?" mavzusidagi interfaol test o‘tkazildi.

Mashg‘ulotlar davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri