Giyohvandlik savdosiga qarshi tezkor tadbirlar
Jizzax viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda uch nafar fuqaroga taalluqli holatlar aniqlandi.
Jumladan, G‘allaorol tumanidagi Do‘stlik mahallasida o‘tkazilgan tadbirda ikki dona gugurt qutisiga joylangan, jami 13,51 gramm marixuana tegishli tartibda rasmiylashtirildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 1995-yilda G‘allaorol tumanida tug‘ilgan fuqaro ushbu moddani bir million so‘m evaziga sotgan.


Tezkor harakatlar davomida mazkur fuqaro Bulung‘ur tumanida yana 8 ta gugurt qutisiga qadoqlangan, jami 45,33 gramm marixuanani uch million so‘mga sotayotgan vaqtida ushlangan. U vaqtincha istiqomat qilayotgan xonadon ko‘zdan kechirilganda, qo‘shimcha 188 gramm marixuana hamda giyohvandlik vositalarini iste’mol qilishga mo‘ljallangan maxsus ashyolar aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan.

Tezkor tadbir davomida 1997-yilda tug‘ilgan ikkinchi fuqaro ham gumonlanuvchi tariqasida ushlandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u istiqomat qilgan xonadonda giyohvandlik vositalari iste’mol qilingan.
Shuningdek, Jizzax shahrining Zargarlik mahallasida shubhali xatti-harakatlari sabab to‘xtatilgan uchinchi fuqaro – 1998-yilda tug‘ilgan shaxs yonidan gugurt qutisida saqlangan, giyohvandlik vositasiga o‘xshash quritilgan o‘simlik kukuni topilgan. Moddaning turi va tarkibini aniqlash uchun ekspertiza tayinlangan.


Holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy baho berish uchun belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri