Jurnalistlar sport turlarida bahslashdi
Namangan shahrida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda ijtimoiy tarmoqlar faollari ishtirokida shaxmat-shashka va stol tennisi bo‘yicha an’anaviy musobaqalar tashkil etildi.
Mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlab, “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!” ezgu g‘oyasi asosida uyushtirilgan musobaqada xotin-qizlar shaxmat-shashkada o‘z aqliy salohiyatini namoyon etgan bo‘lsa, erkaklar stol tennisi bellashuvlarida epchilligi va chapdastligini ko‘rsatdi.
Musobaqalarda garchi havaskor sportchilar kuch sinashgan bo‘lsa-da, g‘oliblik uchun har bir kurash qiziqarli va murosasiz tarzda kechdi.

“Barkamol avlod” sport majmuasida bo‘lib o‘tgan shaxmat-shashkaning yakuniy natijalariga ko‘ra, “Tibbiyot va zamon“ jurnali muharriri Manzura Ergasheva g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. “Saodat“ jurnalining Namangan viloyati bo‘yicha muxbiri Shahlo Toshbekova ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, kuchli uchlikni “Mashrab” nashriyoti vakili Dilorom Ergasheva yakunlab berdi.

Erkaklar o‘rtasidagi stol tennisi bellashuvlari “Pahlavon” sport majmuasida o‘tib, unda bloger Jobir Alixonovga teng keladigan munosib raqobatchi topilmadi. “O‘zbekiston 24” telekanalining Namangan viloyati bo‘yicha teleoperatori Mansurbek Haydarov shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildi. Faxrli uchinchi o‘rin esa, yana bir ijtimoiy tarmoq faoli Zaynobillo Davronovga nasib etdi.
Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchi Gulchehra Buvamirzayevaning qayd etishicha, ijodkorlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga qaratilgan bu kabi musobaqalar kelgusida sportning boshqa turlari bo‘yicha ham an’anaviy ravishda muntazam o‘tkazib boriladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.