Jurnalistlar ijtimoiy himoya tizimida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi
FOTOREPORTAJ
Ijtimoiy himoya milliy agentligining Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida Termiz shahridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markaziga press-tur va matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, tizimda joriy etilayotgan yangi yondashuvlar hamda fuqarolarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha ma’lumot berildi.
Press-tur davomida ishtirokchilar markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, murojaatlarni qabul qilish va ularni manzilli hal etish mexanizmlari, fuqarolar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida atroflicha axborot berildi. Shuningdek, ijtimoiy xizmatlar tizimiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish, xizmatlar samaradorligi va sifatini yanada oshirish, ehtiyojmand aholini manzilli qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan ishtirokchilar yaqindan tanishtirildi.
Shuningdek, Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi faoliyati haqida tushuntirish berildi. Xususan, jurnalistlar nogironlikni belgilash jarayonlarining ochiq va shaffof tarzda tashkil etilishi, fuqarolar uchun yaratilayotgan yengilliklar, tibbiy-ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari bilan tanishdi.
Tadbir doirasida Mediamarkaz faoliyati taqdimoti ham o‘tkazildi. Unda axborot ochiqligini ta’minlash, jamoatchilik bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida tezkor va ishonchli ma’lumotlarni yetkazish xususida so‘z yuritildi.
[gallery-29567]
So‘ng jurnalist va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda hududda aholini ijtimoiy himoya qilish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, yangi imkoniyat va loyihalarni hayotga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Ijtimoiy xizmatlarning manzilli va samarali tashkil etilishi, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun munosib sharoitlar yaratish, ularning jamiyatda faol ishtirokini ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari va blogerlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, sohadagi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda OAV vakillari hamda blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mas’ul xodimlardan batafsil javob oldi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA