Jizzaxning 57 ta mahallasida gaz tarmoqlari yangilanmoqda
FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyatida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida aholini barqaror tabiiy gaz bilan ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Soha mutaxassislari tomonidan viloyatning 57 ta mahallasida gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha loyihalar ijrosiga kirishilgan. Natijada 53 mingdan ziyod aholining gaz ta’minoti sifati yaxshilanishi kutilmoqda. Bu maqsadlar uchun 35 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilib, qariyb 140 kilometr yangi gaz tarmoqlari qurilmoqda.
[gallery-30061]
Loyihalar, asosan, gaz bosimi past bo‘lgan va tizim yetarlicha qamrab olmagan hududlarda amalga oshirilmoqda. Jumladan, Zomin tumanidagi “Oltiariq tajribasi” va Texnopark hududi, Sharof Rashidov tumanining Saraylik, Toshkentlik va Ravot mahallalari, Zafarobod tumanidagi Pistalikent qishlog‘ida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, qish mavsumida tarmoqlarda bosim pasayishi va texnik nosozliklarning oldini olish maqsadida 100 kilometrdan ziyod gaz quvurlari rekonstruksiya qilinmoqda. Eng katta hajmdagi ishlar Zomin va G‘allaorol tumanlari hamda Jizzax shahrida bajarilmoqda. Bundan tashqari, 21 mingdan ortiq xonadonni ikki bosqichli zamonaviy gaz ta’minoti tizimiga o‘tkazish ishlari boshlangan.
Tabiiy gaz tarmog‘i yetib bormagan chekka va tog‘li hududlar aholisini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash choralari ham ko‘rilmoqda. Bu maqsadda 6 ming 100 dona gaz balloni ajratilib, ularning dastlabki qismi aholiga yetkazib berilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, amalga oshirilayotgan ishlar qish mavsumida aholini uzluksiz va xavfsiz gaz ta’minoti bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Jamshid YORBEKOV(surat),O‘zA