“Adolat sayli”
Qarshi shahrida aholining huquqiy savodxonligini oshirish, huquqiy xizmatlarni fuqarolarga yanada yaqinlashtirish hamda ochiq muloqot maydonini yaratish maqsadida “Adolat sayli” tadbiri tashkil etildi.
Adliya sayillari doirasida o‘tkazilgan tadbirda mingdan ortiq fuqaro, yoshlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda nuroniylar ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov so‘zga chiqib, “Adolat sayli”ning asosiy maqsadi aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, qonunchilikdagi yangiliklarni keng targ‘ib qilish, fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni joyida hal etish hamda huquqiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat ekanini ta’kidladi.
Tadbir doirasida huquqiy maslahat maydonchalari tashkil qilinib, fuqarolarga bepul huquqiy yordam ko‘rsatildi. Davlat xizmatlari markazlari, FHDYO organlari, notariat idoralari, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari tomonidan aholi murojaatlari qabul qilinib, huquqiy tushuntirishlar berildi.
– Anchadan buyon ota-onamdan qolgan mulkni rasmiylashtirish masalasida yechim topa olmayotgan edim, – deydi Qarshi tumanilik Husniddin Xonimqulov. – Tadbir davomida mutaxassislardan ushbu masala bo‘yicha batafsil huquqiy maslahat oldim. Meros borasida ham ko‘plab tushunchalarga ega bo‘ldim. Bundan juda minnatdorman.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi hamda huquqiy va badiiy adabiyotlar yarmarkasi tashkil etildi. Bu esa ishtirokchilarda kitobxonlik madaniyatini oshirish va huquqiy bilimlarni mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbir davomida aholining huquqiy bilimlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida volontyorlar ishtirokida huquqiy viktorina va savol-javoblar o‘tkazildi. Faol ishtirokchilar Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Adolat sayli” doirasida 10 nafar fuqaroning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlari tantanali ravishda e’tirof etildi.
Tadbirning madaniy qismida Qashqadaryo viloyati madaniyat boshqarmasi san’atkorlari ishtirok etib, kuy-qo‘shiqlar va sahna chiqishlari orqali yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Yakunda “Adolat sayli”ni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishda faol ishtirok etgan tashkilot va muassasalar vakillariga Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasining tashakkurnomalari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ta’kidlanganidek, “Adolat sayli” huquqiy targ‘ibot, amaliy yordam va ochiq muloqotni uyg‘unlashtirgan holda aholi bilan davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
[gallery-30074]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari