Ilg‘or tajriba o‘rganildi
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududiy filiallarining yetakchi mutaxassislaridan iborat O‘zbekiston tibbiy delegatsiyasi 7–14-avgust kunlari Tailandda bo‘lib, tibbiyot muassasalarini boshqarish, tibbiy xizmat sifatini ta’minlash, bemorlar xavfsizligi va ichki audit tizimini tashkil etish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganishdi. Delegatsiya tarkibida markazning Sirdaryo viloyati filiali direktori Shahlo Xojayeva boshchiligidagi mutaxassislar ham ishtirok etdi.
Mazkur tashrif Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Samitivej Hospital Group o‘rtasida imzolangan Anglashuv memorandumi doirasidagi hamkorlikning amaliy davomi bo‘ldi. Uning asosiy maqsadi tibbiyot muassasalarini boshqarish, sifatni boshqarish, ichki audit xizmatlarini rivojlantirish va bemorlar xavfsizligini ta’minlash borasida o‘zaro tajriba almashishdan iborat.
Tashrifning muhim manzillaridan biri Tailandning Chonburi provinsiyasida joylashgan Samitivej Sriracha Hospital bo‘ldi. Mazkur tibbiyot muassasasida O‘zbekistondan tashrif buyurgan “Management & Medical Delegation” uchun “Management and Quality in Healthcare Systems Program” dasturi doirasida maxsus o‘quv-seminarlar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Dastur davomida ishtirokchilar Samitivej Hospital tarmog‘ida tibbiy boshqaruv, bemorlar xavfsizligi va sifatni ta’minlashning zamonaviy mexanizmlari amaliyotga qanday tatbiq etilishi bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, tibbiy xizmat sifatini boshqarish tizimini shakllantirish va uni uzluksiz takomillashtirish, klinik boshqaruv, xavflarni baholash va boshqarish, ichki audit xizmatining o‘rni hamda tibbiyot muassasalari faoliyati samaradorligini monitoring qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari tibbiyot muassasasida sifat ko‘rsatkichlarini baholash, bemor xavfsizligini ta’minlash, xodimlarni o‘qitish va malakasini oshirish, faoliyat natijalarini monitoring qilish hamda boshqaruv qarorlarini ma’lumotlarga asoslangan holda qabul qilish bo‘yicha yondashuvlarni o‘rgandilar.
Dasturning yana bir muhim jihati — Samitivej Hospital tarmog‘ining rahbariyati, sifatni ta’minlash va ichki audit bo‘yicha mas’ul mutaxassislar bilan bevosita muloqotlar tashkil etilganidir. Uchrashuvlarda tibbiyot muassasalarida samarali boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish, xodimlar faoliyatini muvofiqlashtirish, sifat ko‘rsatkichlarini tahlil qilish, ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish va tibbiy xizmatlarni muntazam takomillashtirish bo‘yicha amaliy tajribalar muhokama qilindi.
Tailandlik mutaxassislar bilan muloqotlar jarayonida mamlakat tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, tibbiy xizmatlarni tashkil etish, bemorlarga xizmat ko‘rsatish madaniyati, zamonaviy menejment yondashuvlari va tibbiy muassasalarni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Ayniqsa, tibbiy xizmat sifati faqat klinik natijalar yoki zamonaviy texnologiyalar bilan emas, balki samarali boshqaruv, malakali kadrlar, bemor xavfsizligi, ichki audit, jamoaviy hamkorlik va xizmatlarni uzluksiz takomillashtirish jarayonlari bilan uzviy bog‘liq ekaniga e’tibor qaratildi.

Tashrifda RIO va BSIATM tizimi hamda uning hududiy filiallarining yetakchi mutaxassislari ishtirok etgani o‘rganilgan tajribalarning respublika miqyosida amaliyotga tatbiq etilishi uchun muhim ahamiyatga ega. Zero, turli hududlarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning birgalikda xalqaro tajribani o‘rganishi yagona yondashuvlarni shakllantirish, samarali ish uslublarini ommalashtirish va ularni mahalliy sharoitga moslashtirish imkonini beradi.
Tashrif davomida olingan bilim va amaliy ko‘nikmalar kelgusida hududlarda tibbiy xizmat sifatini oshirish, muassasalarda boshqaruv va ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, bemorlar xavfsizligini ta’minlash, tibbiy xodimlar faoliyati samaradorligini oshirish hamda xizmatlarni xalqaro yondashuvlar asosida rivojlantirishda muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.

RIO va BSIATM Sirdaryo viloyati filiali direktori Shahlo Xojayeva ham tashrifning ahamiyati haqida to‘xtalib, shunday dedi:
— Tailandlik mutaxassislar bilan yaqin muloqot qilish, ularning tajribasini bevosita o‘rganish va fikr almashish biz uchun juda foydali bo‘ldi. Ayniqsa, tibbiy muassasalarni boshqarish, tibbiy xizmat sifatini ta’minlash, bemorlar xavfsizligi, ichki audit va xodimlar faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Samitivej Hospital tarmog‘ida sifatni boshqarishning tizimli yo‘lga qo‘yilgani, qarorlar qabul qilishda ma’lumotlarga tayanilishi va xizmatlarni uzluksiz takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilishi bizda katta qiziqish uyg‘otdi. O‘rganilgan tajribalarni Sirdaryo viloyatida, xususan, RIO va BSIATM ning Sirdaryo viloyati filiali faoliyatiga moslashtirish va amaliyotga tatbiq etish tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi deb hisoblayman.

Umuman, Tailandda tashkil etilgan mazkur kasbiy rivojlanish dasturi RIO va BSIATM tizimi mutaxassislari uchun xorijiy tajribani shunchaki kuzatish bilan cheklanib qolmasdan, uning amaliy mexanizmlarini chuqur o‘rganish, soha mutaxassislari bilan bevosita muloqot qilish va samarali boshqaruv yondashuvlarini mahalliy amaliyotga moslashtirish imkonini bergan muhim tajriba maydoni bo‘ldi. Tashrif ishtirokchilari ham o‘rganilgan tajribalarning amaliy ahamiyatini alohida e’tirof etib, ular kelgusida tibbiy muassasalar faoliyatini takomillashtirishda muhim qo‘llanma bo‘lishini ta’kidladilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri