Jizzaxlik tadbirkorning g‘ayrioddiy xo‘jaligi
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi «Oltin vodiy» qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi Oybek Qodirov o‘z xonadonida tuyaqush parvarishlashni yo‘lga qo‘ygan. Asosiy ish faoliyati suv ta’minoti sohasi bilan bog‘liq bo‘lgan yurtdoshimiz bo‘sh vaqtidan unumli foydalanib, tomorqasida qo‘shimcha daromad manbaini yaratishga intilmoqda.
Oybek Qodirov avvallari yilqichilik, quyonchilik va sut yo‘nalishidagi echkichilik bilan shug‘ullanib ko‘rdi. Izlanishlar davomida to‘plagan tajribasi uni chorvachilikning o‘ziga xos yo‘nalishlaridan biri — tuyaqushchilikka qiziqtirdi.
Tadbirkor ishni boshlashdan avval Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tuyaqush boquvchi xo‘jaliklarda bo‘lib, ushbu qushlarni parvarishlash, ko‘paytirish va saqlash sharoitlarini o‘rgandi.
Orttirgan tajribasi asosida xonadonida maxsus inkubator va jo‘jalarni alohida parvarishlash uchun mo‘ljallangan xonalar tashkil etdi. Shu tariqa tuyaqushchilikning o‘ziga xos jihatlarini amaliyotda o‘zlashtirib, faoliyatini bosqichma-bosqich rivojlantira boshladi.
Tuyaqush dunyodagi eng yirik qushlardan biri hisoblanadi. U ucha olmasa-da, tez yugurishi, baquvvat oyoqlari va tashqi muhitga moslashuvchanligi bilan ajralib turadi. Ushbu qushlarni parvarishlashda to‘g‘ri oziqlantirish, yetarli harakatlanish maydoni va tegishli veterinariya nazorati muhim ahamiyatga ega.
— Tuyaqushchilikning o‘ziga yarasha sir-asrorlari bor, - deydi Oybek Qodirov. — Bu qushlar turli iqlim sharoitlariga moslasha oladi. Ozuqasi asosan o‘simlik mahsulotlaridan iborat. Ayniqsa, jo‘jalarni parvarishlashda ularning oziqlanishi va sog‘lom rivojlanishiga alohida e’tibor berish talab etiladi. Shu bois dastlab tajribali mutaxassislar faoliyatini o‘rganib, keyin ish boshladim.
Tuyaqushchilik go‘sht, tuxum va teri mahsulotlari yetishtirish imkoniyati bilan ham ahamiyatli. Tuyaqush go‘shti oziq-ovqat mahsuloti sifatida, tuxumi iste’mol va boshqa maqsadlarda, terisi esa charm buyumlar tayyorlashda qo‘llaniladi. Bu esa mazkur yo‘nalishda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Ayni paytda Oybek Qodirov 18 sotixli tomorqasida 5 ta tuyaqush parvarishlamoqda. Bu ishda unga nevaralari ham yaqindan ko‘maklashadi.
Tadbirkor faoliyatini kredit mablag‘larisiz, olingan daromadni xo‘jalikni rivojlantirishga qayta yo‘naltirish orqali kengaytirishni maqsad qilgan. Kelgusida inkubatsiya hajmini oshirish, tuyaqushlar sonini ko‘paytirish hamda go‘sht, tuxum va teri mahsulotlari yetishtirish yo‘nalishlarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
[gallery-32282]
Oybek Qodirovning bu boradagi izlanishlari tomorqadan samarali foydalanish, qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini namoyon etmoqda.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA