Do‘stlik, hamjihatlik va hamkorlik
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik ta’lim, ilm-fan va yoshlar siyosati bilan bir qatorda, talabalar sportini rivojlantirish yo‘nalishida ham kengayib bormoqda.
Bu borada qo‘shma tadbirlar, sport musobaqalari va madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etilib, ikki mamlakat yoshlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ana shunday hamkorlik tadbirlaridan biri sifatida Toshkent shahrida Rossiya va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida III Universiada o‘tkazildi.
"Rossotrudnichestvo"ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili Asiya Erdniyevaning so‘zlariga ko‘ra, musobaqalarda 14 ta oliy ta’lim muassasasidan qariyb 400 nafar talaba sportning bir necha turi bo‘yicha g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Dasturdan yigitlar o‘rtasida mini-futbol, shuningdek, qizlar va yigitlar o‘rtasida basketbol, voleybol hamda shaxmat musobaqalari o‘rin oldi.
– Albatta, bunday musobaqalar nafaqat talabalarning sport mahorati va salohiyatini namoyon etishi, balki ular o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, universiadaning bosh sovrinini M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali jamoasi qo‘lga kiritdi. Jamoa ikki oltin, uch kumush va bir bronza medaliga sazovor bo‘ldi. G‘olib va sovrindorlarga medallar esdalik sovg‘alari hamda sertifikatlar topshirildi. Bu kabi tadbirlar oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va talabalar sportini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega, – dedi A.Erdniyeva.
Ta’kidlash kerakki, universiada nafaqat talabalarning sportdagi yutuqlarini namoyon etish, balki ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlash va o‘zaro tajriba almashishlari uchun ham muhim maydon bo‘ldi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA