Jizzaxlik o‘qituvchilar sovrindor bo‘lishdi
Jizzax viloyati o‘qituvchilari yana bir muhim sport yutug‘ini qo‘lga kiritishdi. Voleybol bo‘yicha “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi” musobaqasining respublika bosqichida Arnasoy tumanidagi 22-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi ayollar jamoasi munosib ishtirok etib, faxrli uchinchi o‘rin sohibiga aylanishdi.
Mamlakatimizda ta’lim tizimi xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish, ommaviy sportni rivojlantirish, ayniqsa, pedagog xotin-qizlarning jismoniy faolligini oshirish hamda jamoaviylik muhitini mustahkamlash maqsadida an’anaviy tarzda tashkil etilayotgan mazkur musobaqa bu yil ham yuqori saviyada o‘tkazildi. Respublika bosqichida hududiy saralash bahslarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan eng kuchli jamoalar g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashishdi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda Arnasoylik ustozlar nafaqat texnik mahorati, balki o‘zaro hamjihatligi, matonati va g‘alabaga intilishi bilan ham ajralib turdi. Bu esa jamoaga respublika miqyosidagi nufuzli musobaqada sovrindorlar safidan o‘rin egallash imkonini berdi.

Erishilgan munosib natija uchun jamoa 70 million so‘m pul mukofoti hamda “Damas” rusumli avtomobil bilan taqdirlandi. Bu e’tirof pedagoglarni ommaviy sportga keng jalb etish, ularning sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va mehnatini munosib rag‘batlantirishga qaratilayotgan e’tiborning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.

Musobaqaning puxta tashkiliy asosda o‘tkazilgani, hakamlikning xolisligi hamda ishtirokchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar tomonidan alohida e’tirof etildi. Bellashuvlar nafaqat raqobat muhitini kuchaytirdi, balki turli hududlardan kelgan pedagoglar o‘rtasida tajriba almashish, do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga ham xizmat qildi.

Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan sovrindor jamoa munosib taqdirlandi va ularning kelgusida respublika hamda xalqaro maydonlarda yangi yutuqlarga erishishiga ishonch bildirildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri