Jizzaxga ko‘chib kelishga qiziqish ortib bormoqda
2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga xorijiy davlatlardan doimiy yashash maqsadida kelayotganlar soni barqarorligicha saqlanmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga muvofiq, o‘tgan yil davomida jami 1 159 nafar xorijiy fuqaro mamlakatimizda yashashni tanlagan.
Hududlar kesimidagi ko‘rsatkichlar Jizzax viloyatiga bo‘lgan qiziqish ham izchil shakllanayotganini ko‘rsatadi. Xususan, 2025-yilda viloyatga 12 nafar xorijiy fuqaro doimiy yashash uchun ko‘chib kelgan.
E’tiborlisi, mazkur ko‘rsatkich Jizzax viloyatini ayrim hududlarga nisbatan ustun pozitsiyaga olib chiqqan. Jumladan, u Navoiy viloyati bilan bir xil natijani qayd etgan bo‘lsa, Buxoro (11 nafar), Xorazm (7 nafar), Qashqadaryo va Samarqand (2 nafardan), Namangan (1 nafar) viloyatlaridan yuqori ko‘rsatkichni namoyon etgan.
Mutaxassislar fikricha, bu natijalar hududda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samarasi bilan bog‘liq. Jumladan, sanoat va qishloq xo‘jaligi tarmoqlaridagi loyihalar, yangi ish o‘rinlari yaratilishi, shuningdek, transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasining izchil rivojlantirilishi Jizzaxning jozibadorligini oshirmoqda.
Shu tariqa, viloyatga ko‘chib keluvchilar soni unchalik katta bo‘lmasada, uning boshqa ayrim hududlarga nisbatan yuqoriroq ekani Jizzaxning investitsiyaviy va ijtimoiy salohiyati tobora mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri