Jizzaxda 140 million dollarlik yirik agrosanoat majmuasi barpo etiladi
Jizzax viloyatida qişloq xöjaligi mahsulotlarini qayta işlaş, suv tejovçi texnologiyalarni kengaytiriş va yangi sanoat quvvatlarini işga tuşirişga qaratilgan 140 million dollarlik investitsiya loyihasi amalga oşirilişi rejalaştirildi. Uning natijasida ming nafar kişining bandligini taʼminlaş nazarda tutilgan.
Jizzax viloyatida xorijiy investitsiyalarni jalb etiş va hududning iqtisodiy salohiyatini oşiriş borasidagi işlar yangi bosqiçga kötarilmoqda. Bu borada Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Viloyat hokimi Uluğbek Mustafoyev Jizzaxda Xitoyning yirik kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiyalar bilan uçraşuvlar ötkazdi. Muzokaralarda istiqbolli investitsiya taşabbuslari va ularni amalga oşiriş imkoniyatlari muhokama qilindi.


Jumladan, “Shaanxi Orange Industrial” kompaniyasi boş direktorining örinbosari Li Le bilan muloqotda 2026–2030-yillarga möljallangan agrosanoat loyihasi taqdim etildi. Unga köra, Foriş, Zomin, Baxmal va Şarof Raşidov tumanlarida zamonaviy işlab çiqariş infratuzilmasi şakllantiriladi.
Loyihaning muhim yönalişlaridan biri qişloq xöjaligida resurslardan oqilona foydalanişdir. Xususan, qurğoqçilikka çidamli moyli ekinlar yetiştiriş, tejamkor suğoriş usullarini joriy qiliş va köçatçilikni rivojlantiriş közda tutilgan.


Şuningdek, sanoat kooperatsiyasini kuçaytiriş maqsadida bir neçta yirik işlab çiqariş quvvatlari taşkil etiladi. Jumladan, yiliga 100 ming tonna moyli ekinlarni qayta işlaydigan zavod qurilişi rejalaştirilgan. Qolaversa, 50 ming tonna bioöğit işlab çiqariş korxonasi faoliyati yölga qöyiladi.
Tomçilatib suğoriş tizimlari uçun quvurlar va uskunalar işlab çiqariş ham loyihaning muhim tarkibiy qismidir. Bu esa hududda agrar tarmoq ehtiyojlarini mahalliy mahsulotlar hisobiga taʼminlaş imkoniyatini kengaytiradi.
Mazkur taşabbusning ahamiyati faqat yangi korxonalar barpo etiş bilan çeklanmaydi. U mahalliy xomaşyoni çuqur qayta işlaş, qişloq xöjaligi mahsulotlarining qöşilgan qiymatini oşiriş va eksportbop mahsulotlar tayyorlaşga ham xizmat qiladi.

Uçraşuvda loyihani bosqiçma-bosqiç amalga oşiriş masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Yer maydonlarini tayyorlaş, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etiş va investorga belgilangan imtiyozlardan foydalaniş imkoniyatlari muhokama qilindi.
Viloyat hokimligi vakillari taşabbusni hayotga tatbiq etişda zarur taşkiliy masalalarni hal qilişga tayyorligini bildirdi. Tomonlar hamkorlikni mustahkamlaş va investitsiya loyihasini amalga oşiriş böyiça memorandum imzolaşga kelişib oldi.
Kutilayotgan mingta yangi va mavsumiy iş örni esa loyihaning ijtimoiy ahamiyatini yanada oşiradi. Eng muhimi, agrar tarmoq bilan sanoat örtasidagi boğliqlik mustahkamlanib, Jizzaxning işlab çiqariş va eksport imkoniyatlari kengayadi.
Abdujalol Qayumov,
ÖzA muxbiri