Jizzax viloyatida islohotlarning borishi qanday ahvolda
Yoxud jismoniy tarbiya va sport vazirining Jizzax viloyatida o‘tgan bir kuni haqida
Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonning ijrosini ta’minlash hamda Jizzax viloyatida sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, yangidan qurilgan va loyihalashtirilgan sport inshootlarida ishlar qanday ketayotgani bilan yaqindan tanishish maqsadida Jizzax viloyatida bo‘ldi.
Tashrif davomida vazir Mirzacho‘l tumani hokimi K.Xolmurodov bilan uchrashib, kelgusi yilda tumandagi «G‘alaba» mahallasi hududida joylashgan «Yoshlar parki»da yopiq suzish havzasi, «Mirzadala» MFYdagi TIP-1 sport ob’ektiga tribuna qurish, stadionga tabiiy chim yotqizish, milliy sport turlarini rivojlantirish maqsadida 1-sonli umumta’lim maktabi sport zalida milliy sport turlari markazini tashkil etish hamda aholining kamida 25 foizini ommaviy sportga jalb etish masalalari bo‘yicha suhbatlashdi.
D.Nabiyev tumanda yangidan qurib bitkazilgan yengil konstruksiyali 18x30 metr o‘lchamdagi sport zal bilan tanishib, ushbu ob’ektning ochilish marosimini yuqori saviyada tashkil etish va sport to‘garaklari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma va tavsiyalar berdi.

Shuningdek, faxriy mehmon «Do‘stlik» tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabidagi rekonstruksiya ishlari bilan ham tanishdi. Pudratchiga bu yerdagi qurilish ishlarini yanvar oyida yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. BO‘SM suzish havzasi ish faoliyatida emasligi, sport zalining e’tiborsizlik natijasida ta’mirtalab ahvolga kelib qolgani, mashg‘ulot jarayonlarida sportchilarning deyarli yo‘qligi tanqidiy baholandi.

Zarbdor tumani «Bo‘ston» shaharchasida qurib bitkazilgan yengil konstruksiyali 18x30 metr o‘lchamdagi sport zal bilan ham tanishib, mahalla oqsoqollari bilan uchrashdi. Stadiondagi qurilish jarayoni bilan bog‘liq kamchiliklarni bartaraf etish, ob’ektning ochilish marosimini o‘tkazishga tayyorlash va sport to‘garaklari tashkil etish, ob’ektga esa Prezident Farmonidan kelib chiqqan holda tarixiy shaxslar nomini berish bo‘yicha o‘z ko‘rsatmalarini berdi.
Tashrif so‘ngida esa vazir Zomin tumani BO‘SM uchun «Dashtobod» shaharchasida yangidan qurilgan yengil konstruksiyali 18x30 metr o‘lchamdagi sport zal bilan tanishib, qurilish bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etish, ushbu ob’ektni ochilish marosimini o‘tkazishga tayyorlash, bu inshootga ham nom berish, qolaversa, qo‘shimcha Workout maydonchasi qurish va sport to‘garaklari tashkil etish bo‘yicha o‘z ko‘rsatma va tavsiyalarini berdi.
Shu tariqa jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiyevning Jizzax viloyatiga tashrifi o‘z yakuniga yetdi.


Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati