Jismoniy va ma’naviy kamolot yo‘lida
Poytaxtimizda O‘zbek jang san’ati federatsiyasi, Sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida yoshlarni turli illatlar va yot g‘oyalardan himoya qilishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Poytaxtimizda O‘zbek jang san’ati federatsiyasi, Sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida yoshlarni turli illatlar va yot g‘oyalardan himoya qilishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash barobarida ularning ma’naviyatini yuksaltirish, qalbi va ongiga vatanparvarlik, yurtga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat g‘oyalarini singdirishga doimiy e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Lekin bugungi globallashuv jarayonida “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi turli ma’naviy xurujlar, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan zararli axborotlar, jangari o‘yinlar yoshlarning ongini zaharlayotgani sir emas. Farzandlarimizning bu illatlar ta’siriga tushib qolishining oldini olish uchun ularning qalbi va ongida sog‘lom hayot tarzi, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘usini yanada kuchaytirish zarur.
– Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni ogohlikka chaqirish, ularni turli illatlar va yot g‘oyalardan asrashdan iborat, – deydi O‘zbek jang san’ati federatsiyasi raisi Po‘lat Usmonov. – Zero, har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetayotgan yoshlar ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchidir. Shunday ekan, ularni nafaqat jismonan sog‘lom, balki dunyoqarashi keng, irodali, qat’iyatli qilib tarbiyalash har birimizning burchimiz.
Xalqimizning milliy sport turi – o‘zbek jang san’ati inson salomatligini mustahkamlab, uni o‘zligini anglash, milliy qadriyatlarimiz, tariximiz, buyuk ajdodlarimizga hurmat, yurtni sevish ruhida tarbiyalashni targ‘ib qiladi. Mazkur sport turidagi mashqlarning “Vatan”, “Amir Temur”, “Barkamol avlod”, “Qalqon” kabi nomlar bilan atalishida ham ana shu ezgu maqsadlar mujassam.
Mamlakatimizning barcha hududida tashkil etilgan o‘zbek jang san’ati seksiyalarida minglab o‘g‘il-qizlar murabbiylardan ushbu sport sirlarini puxta o‘rganmoqda. Musobaqa va chempionatlarda o‘z iqtidorini namoyon etgan yoshlar terma jamoaga jalb qilinmoqda. Yurtimiz sportchilari xalqaro miqyosdagi turli bellashuvlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilayotir.
– O‘zbek jang san’ati bilan olti yildan beri shug‘ullanaman, – deydi Maftuna Ikromova. – Bu kabi tadbirlar biz, yoshlarni yanada ogohlikka chorlaydi. Mamlakatimizdagi bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetish, yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda bor kuch, bilim va salohiyatimizni Vatanimiz ravnaqi yo‘lida safarbar etishga undaydi.