Jig‘achida Yangi O‘zbekiston nafasi
Bugungi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim mezoni — islohotlarning markazlardagina emas, eng chekka qishloq va mahallalargacha yetib borganidir. Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida har bir hududning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish va tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Endi taraqqiyot faqat shaharlar bilan cheklanmaydi — u eng olis mahallalargacha kirib bormoqda. Bu esa mamlakatimizda hech bir hudud, hech bir inson davlat e’tiboridan chetda emasligining amaliy isbotidir.
Ayniqsa, chekka hududlarda barpo etilayotgan zamonaviy mikromarkazlar, xizmat ko‘rsatish majmualari va ijtimoiy ob’ektlar aholining hayot sifatini oshirish bilan birga, yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini ham yaratmoqda. Buxoro viloyati Qorako‘l tumanining Jig‘achi mahallasida boshlangan ulkan bunyodkorlik ishlari ham ana shu ezgu maqsadlarning yana bir yorqin namunasidir.
Shu munosabat bilan Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Tohirov qurilish ishlariga start berilgan hududga tashrif buyurib, 0,9 gektar maydonda barpo etiladigan zamonaviy mikromarkazning bosh rejasi, arxitektura konsepsiyasi va amalga oshiriladigan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Taqdimotda qayd etilganidek, umumiy qiymati 6,5 milliard so‘m bo‘lgan mazkur loyiha hududning iqtisodiy va ijtimoiy qiyofasini mutlaqo o‘zgartirishga xizmat qiladi. Mikromarkaz tarkibida 10 ta zamonaviy savdo shoxobchasi, 2 ta maishiy xizmat ko‘rsatish maskani, 2 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi, sun’iy qoplamali mini futbol maydoni, workout maydonchasi, bolalar o‘yingohlari, 40 o‘rinli avtoturargoh, tibbiyot punkti, kutubxona, piyodalar yo‘laklari, zamonaviy tungi yoritish tizimi hamda keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Eng muhimi, mazkur ob’ektlar oddiy qurilish emas, balki odamlar hayotini yengillashtiruvchi, ularning kundalik ehtiyojlarini qondiruvchi va farovonligini ta’minlovchi yaxlit infratuzilma tizimini shakllantiradi. Ilgari turli xizmatlar uchun markazga qatnagan aholi endilikda zarur imkoniyatlarni o‘z mahallasidayoq topadi.
Tuman hokimi qurilish ishlarining sifati va muddatlariga alohida e’tibor qaratib, har bir ob’ekt zamonaviy shaharsozlik talablari asosida qurilishi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari puxta rejalashtirilishi, obodonlashtirish ishlari yuqori saviyada tashkil etilishi shartligini ta’kidladi. Mas’ullarga qurilish-montaj ishlarini jadallashtirish, muhandislik tarmoqlarini o‘z vaqtida tortish va hududni namunaviy ko‘rinishga keltirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Loyihaning iqtisodiy samarasi ham salmoqli. U foydalanishga topshirilgach, 60 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratiladi, yiliga 4,8 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatiladi va mahalliy byudjetga har yili 450 million so‘m qo‘shimcha tushum ta’minlanadi. Bu raqamlar ortida o‘nlab oilalarning barqaror daromadi, yuzlab insonlarning qulay hayoti va mahallaning yangi iqtisodiy qiyofasi mujassam.
E’tiborlisi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir qurilish loyihasi ortida avvalo inson manfaati turadi. Prezidentimiz tomonidan chekka hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi uchun shaharlardagi kabi zamonaviy sharoitlarni yaratish, xizmatlar sifatini oshirish va tadbirkorlikka keng yo‘l ochishga qaratilgan siyosat bugun o‘zining amaliy samarasini bermoqda. Jig‘achi mahallasida qad rostlayotgan ushbu mikromarkaz ham ana shu xalqparvar siyosatning yorqin namunasi bo‘lib, davlat rahbarining “inson uchun munosib hayot” g‘oyasi hayotda qanday namoyon bo‘layotganini yaqqol ko‘rsatadi.

Loyihani 2026-yil dekabr oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Shubhasiz, bu maskan nafaqat Jig‘achi mahallasi, balki butun Qorako‘l tumani uchun yangi taraqqiyot ramziga aylanadi. Bu yerda barpo etiladigan har bir inshoot odamlarga xizmat qiladi, har bir ekiladigan nihol kelajakka bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi, har bir yaratiladigan ish o‘rni esa oilalar farovonligini ta’minlaydi.
Zero, Yangi O‘zbekistonda bunyodkorlik — shunchaki qurilish emas. Bu inson qadrini yuksaltirish, mahallalarni hayot markaziga aylantirish va yurtning eng chekka nuqtasigacha taraqqiyot nurini olib kirishdek ulug‘ maqsadning amaliy ifodasidir. Jig‘achida boshlangan bu ezgu ishlar ertangi farovon hayotning mustahkam poydevori bo‘lib qolishi, shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri