Xatirchi tumanida ijtimoiy xizmatlar ko‘lami kengaymoqda (+video)
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
Tumandagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan fuqarolarning individual ehtiyojlaridan kelib chiqib, ularga zarur ijtimoiy xizmat va yordamlarni manzilli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
- 2025-yili kunduzgi parvarish xizmatini boshlagandik, - deydi tadbirkor Kamoliddin Tursunov. - Dastlab uch yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha boshlagandik. Mana hozirgi kunda o‘n sakkiz yoshdan kattalarga ham kunduzgi qatnov xizmatini tashkil qildik. Ularga defektolog xizmati, massaj xizmatlari, mehnat terapiyasidan tikishni, rasm chizishni yo‘lga qo‘yganmiz. Hozirda kunduzgi parvarish xizmatida oltita ish o‘rni yaratganmiz. Bularning imkoniyatlaridan kelib chiqib, uyidan qatnash uchun transport xizmatini yo‘lga qo‘yganmiz. Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan bolalarimizdan yurolmaydiganlari yurib ketgan, gapirishi yaxshi bo‘lmagan bolalarimizning gaplari yaxshilangan. Yutuqlarimiz bor. Bularning hammasi mutaxassislarimiz ishlaganidan, shu mehnatimiz samarasidir. Ota-onalarimiz ham yutuqlarimizdan xursand. O‘zimizning kunduzgi qatnovimizga qatnaydigan bolalarimizning onasini ham ishga olganmiz. Kelajakda bu sohani yanada kengaytirib, yangi ish o‘rinlarini yaratish niyatimiz bor.

Bugungi kunda Xatirchi tumanida 22,2 ming nafar fuqaro ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingan. Bu esa hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini aniqlash, ularning ehtiyojlarini o‘rganish va manzilli xizmatlar ko‘rsatish borasidagi ishlar ko‘lami tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
- Odamzod hech qachon bir joyda to‘xtab qolmasligi kerak, - deydi Sevara Buzrukova. - Qizchamning tobi bo‘lmay, shifokorga borgan vaqtlarimizda, “Siz yengilishingiz mumkin emas, bola sizdan quvvat oladi”, deb dalda bo‘lishgan. Shu narsa, keyin atrofimdagi insonlarning yordami, yaqinlarim, ayniqsa, xo‘jayinimning “Mayli, bolang bilan bo‘lsa ham o‘qi”, deb bergan yordamlari sabab yengilishim mumkin emasligini anglatdi. O‘sha vaziyatga borganimizda o‘qishimizni ham, o‘qituvchilarim ham tushunib, menga ko‘maklashgani juda ham yordam bo‘lgan. Men onaman, farzandlarim uchun, ularning kelajagi uchun doim harakatda bo‘laman. Ijtimoiy himoya agentligi tomonidan ham menga katta ko‘maklar bo‘lgan. Ilgari bolam o‘zimdan uzoqda edi. Ularning yordami bilan farzandimni bu yerga - kunduzgi parvarishga olib keldim. Kuni bilan parvarishda, kechqurun esa oilamiz davrasida. Bolam kunduzgi parvarishga borgandan buyon o‘zgarishlar juda ham yaxshi. Ijtimoiy tizimdagi yangiliklar, mana shunday qo‘llab-quvvatlashlar menga o‘xshagan xotin-qizlarga juda katta yordam bo‘lmoqda.

Eng muhimi, ijtimoiy xizmatlarning yangi shakllari aholining haqiqiy ehtiyojlariga moslashtirilmoqda. Natijada ilgari ayrim xizmatlardan foydalanishda qiyinchilikka duch kelgan fuqarolar uchun imkoniyatlar kengayib, ularning oilalari uchun ham muayyan qulayliklar yaratilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri