JCh-2026. AQSh terma jamoasi Paragvayni yirik hisobda mag‘lub etdi
Uchrashuv Los-Anjelesdagi muhtasham "SoFi Stedium" arenasida bo‘lib o‘tdi.
Futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati guruh bosqichining 1-turi doirasida AQSh milliy terma jamoasi Paragvay termasiga qarshi maydonga tushib, 4:1 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi. Uchrashuv Los-Anjelesdagi muhtasham "SoFi Stedium" arenasida bo‘lib o‘tdi.
O‘yinning 7-daqiqasidayoq paragvaylik Damiyan Bobadilyaning avtogoli evaziga amerikaliklar hisobda oldinga chiqib olishdi. Uchrashuvning 31-daqiqaida AQSh termasi va Fransiyaning "Monako" klubi hujumchisi Folarin Balogun jamoasining ustunligini ikkitaga oshirdi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda esa u o‘zining ikkinchi golini urib, hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi.
Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Paragvay terma jamoasi zaxiradan maydonga tushgan yarim himoyachi Maurisiuning goli evaziga farqni bittaga qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq uchrashuvga yakuniy hushtak chalinishi arafasida AQSh termasi yarim himoyachisi Jovanni Reyna oyoq tashqi qismi bilan chiroyli gol urib, yakuniy hisobni o‘rnatdi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng AQSh 3 ochko jamg‘argan holda "D" guruhida birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Paragvayliklar esa hozircha guruhda so‘nggi o‘rinni egallab turibdi. Mazkur guruhning ikkinchi uchrashuvi yakshanba, 14-iyun kuni Avstraliya va Turkiya terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.