Javohir Sindarov: "G‘alabamiz – xalqimizniki" (+video)
Ko‘ksaroy qarorgohida 29-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari bilan uchrashuv hamda ularga davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
– Birinchi marta Butunjahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qildik va ko‘plab muxlislarimiz bizni bevosita qo‘llab-quvvatlab turdi, – dedi shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar milliy terma jamoasi a’zosi Javohir Sindarov. – Bu esa bizni g‘alabaga erishtirdi. Ushbu yutuqlar butun xalqimizniki. Shaxmat insonning fikrlash doirasini kengaytirib, dunyoqarashini boyitadi hamda uning komil shaxs bo‘lib yetishishiga yordam beradi.
Musobaqa davomida barchaning qo‘llab-quvvatlovini his qilib turdik. Davlatimiz rahbari ushbu Olimpiadada bor kuch-salohiyatimizni ko‘rsatishimiz uchun barcha sharoitni yaratib berdilar. Buning uchun muhtaram Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildiraman.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq, Samarqandda o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida erishilgan yuksak natijalar uchun Javohir Sindarov “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Videosi quyida:
Abdulaziz RUSTAMOV,
Nosirjon HAYDAROV (surat),
Yoqubjon MELIBOEV (video), O‘zA