“Jasorat uchqunlari”
Qarshi shahrida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Jasorat uchqunlari” harbiy-vatanparvarlik va sport musobaqasining Respublika bosqichi qizg‘in va ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.
Mazkur musobaqa yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy armiyamizga hurmat va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, shuningdek, ularning jismoniy tayyorgarligi va intellektual salohiyatini oshirish maqsadida tashkil etilgan.
Respublika bosqichida mamlakatimizning barcha 14 hududidan saralab olingan 112 nafar o‘quvchi ishtirok etmoqda. Ushbu nufuzli bellashuvga qadar 208 ta tuman va shahardagi “Jasorat maktablari” o‘quvchilari o‘rtasida saralash bosqichlari tashkil qilinib, ularda 1500 nafardan ziyod yoshlar qatnashdi. Saralash sinovlarida yuqori natija ko‘rsatgan jamoalargina yakuniy bosqichga yo‘llanma oldi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida ishtirokchilar mamlakatimiz ozodligi va tinchligi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatib, Xotira monumenti poyiga gulchambarlar qo‘ydi. Shundan so‘ng jamoalarning bayroqlar ostidagi tantanali yurish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bellashuvlar davomida ishtirokchilar beshta muhim yo‘nalish bo‘yicha o‘z bilim va mahoratlarini namoyon etmoqda. Jumladan, saf tayyorgarligi, tibbiy tayyorgarlik, huquqiy savodxonlik bo‘yicha test sinovlari, robototexnika hamda arqon tortish musobaqalarida g‘oliblik uchun kurashmoqda.
Ayniqsa, robototexnika yo‘nalishining dasturga kiritilgani yoshlarning zamonaviy texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning innovatsion fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, saf va tibbiy tayyorgarlik bo‘yicha bellashuvlar ishtirokchilarning intizom, mas’uliyat va tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Musobaqa doirasida qatnashchilar uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va ko‘ngilochar dasturlar ham tashkil etilgan. Bu esa yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning dunyoqarashi va ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.
“Jasorat uchqunlari” nafaqat sport va bilimlar bellashuvi, balki yoshlarda jamoaviylik, liderlik, fidoyilik va vatanparvarlik kabi muhim fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan muhim tarbiyaviy loyihadir. Shu jihatdan mazkur musobaqa mamlakatimizda barkamol va har tomonlama yetuk avlodni tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarga hamohang tarzda o‘tkazilmoqda.

Musobaqa yakunida eng yuqori natijalarni qayd etgan jamoalar va faol ishtirokchilar tantanali ravishda taqdirlanadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri