Jarqo‘rg‘on tumani hududidan 4 ming 740 gektar yer maydoni Qiziriq tumani tarkibiga o‘tkaziladi
Senat yalpi majlisida Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Jarqo‘rg‘on tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.
Senat qarori bilan Jarqo‘rg‘on tumani hududidan 4 ming 740 gektar yer maydonini Qiziriq tumani tarkibiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Mazkur hududda 4,2 ming aholi, 710 oila istiqomat qiladi. Hudud ma’muriy jihatdan Jarqo‘rg‘on tumaniga qarashli bo‘lgani uchun aholi soliq, kommunal to‘lovlar, ijtimoiy nafaqa, pensiya va boshqa masalalar yuzasidan Jarqo‘rg‘on tumani markaziga murojaat qilib kelgan. Tuman markazigacha bo‘lgan masofa 18-20 kilometrni tashkil etadi.

Qaror qabul qilinishi natijasida aholining davlat xizmatlaridan foydalanishi yanada qulay bo‘ladi va ma’muriy masalalarni hal etishda ortiqcha ovoragarchiliklar bartaraf etiladi.
Shu bilan birga, hududdagi yer va suv resurslaridan samarali foydalanish imkoniyatlari kengayadi. Xususan, “Chap tarmoq” kanaliga 4 ta suv nasos stansiyasi o‘rnatilishi hisobiga 500 gektardan ortiq yer maydonini o‘zlashtirish mumkin bo‘ladi.

Senatorlar o‘z chiqishlarida Jarqo‘rg‘on tumani hududining bir qismini Qiziriq tumani tarkibiga o‘tkazish bilan bir qatorda, uni aholi manfaatlari, bandlik va hududning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish nuqtai nazaridan kompleks rivojlantirish muhimligiga e’tibor qaratdi.

Muhokamadan so‘ng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA