“Umra” ziyoratiga yuborish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga eng ustuvor vazifa sifatida qaralib, xususan, fuqarolarimizning muqaddas “Haj” va “Umra” ziyoratlariga borishlari hamda ezgu amallarni xavfsiz va to‘la-to‘kis ado etishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.
Afsuski, ayrim sayyohlik firmalari “Umra” ziyoratini tashkil etish bo‘yicha tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan, hamyurtlarimizni Saudiya Arabistoniga olib borib, yolg‘iz va qiyin sharoitlarda qoldirishlari oqibatida vatandoshlarimiz sarson-sargardon bo‘lganliklari ham achchiq haqiqat.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan kelgusida shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Jumladan, Farg‘ona viloyatida noqonuniy ravishda “Umra” ziyoratiga yuborish bilan bog‘liq holat aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Qo‘qon shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firma rahbari 2 nafar fuqaroni “Umra” safariga jo‘natishni va’da qilib, 2200 AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Namangan viloyatida kuzatilgan holatda esa Chortoq tumanida faoliyat yurituvchi sayyohlik firma ishchisi 2 nafar fuqaroni “Umra” safariga yuborish evaziga 2200 AQSH dollari talab qilib, oldindan 400 dollar olgan vaqtida DXX va IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA