Janubiy Xitoy dengizida qanday manfaatlar to‘qnashadi?
Janubi-sharqiy Osiyo mintaqasi, xususan, Janubiy Xitoy dengizi hududi mintaqadagi ko‘plab mamlakatlar qatori Xitoy va AQSH singari qudratli davlatlar e’tiborini ham, allaqachon, o‘ziga tortgan.
Muqaddima?
Tarixga nazar tashlasak, mintaqa doim yirik davlatlarda qiziqish uyg‘otganini ko‘ramiz. Bir zamonlar Janubi-sharqiy Osiyo Yevropa mamlakatlari diqqat markaziga tushgandi. Hududda mustamlakachilik ekspansiyasi yetakchilari Buyuk Britaniya va Gollandiya hisoblanadi. Taxminan 1920-yillarda mintaqa Yevropaning ushbu ikki mamlakati ta’siridagi zonalarga bo‘lingan edi. E’tiborlisi, faqat Tailand suverenitetni saqlab qola olgan va mustamlaka zulmidan ozod edi.
Mustamlakachilik tuzumi parchalangach, Xitoyning janubga yurish davri boshlandi. 1947 yilgi rasmiy bayonotda Chin yurti Janubiy Xitoy suvli hududining aksariyat qismi ustidan o‘z suverenitetini e’lon qilgan.
Buning ustiga Xitoyning Gomindan hukumati 1948 yil “Janubiy Xitoy dengizi orollarining geografik chizmasi” va “Janubiy Xitoy dengizi orollarining joylashuvi xaritasi”ni tuzgan va nashr etgan. Bu hujjatlarda Xitoyning manfaat doirasi 11 nuqtali chegara chizig‘i bilan ko‘rsatilgan. Binobarin, hukumatning Batlongvi oroli va orolga tutash suv hududini Vetnamga berish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, 1953 yil XXR bosh vaziri Chjou Enlaya ko‘rsatmasi bilan xaritaga o‘zgarish kiritildi va natijada mashhur “to‘qqiz nuqtali chiziq” paydo bo‘ldi.
Aynan shu chizma hozirgi xaritada Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi hududiy da’vosini belgilaydi.

To‘qqiz nuqtali chiziq
Tasavvur qilish qiyin, ammo Xitoy Janubiy Xitoy dengizi suv maydonining, deyarli, 80 foiziga da’vo qilmoqda.
Chin mamlakati Butan bilan ushbu mamlakat shimolida hududiy mojaro manbaiga aylangan 470 km chegaraga ega. 1980-yillardan buyon ikki mamlakat hukumati keskinlikni yumshatishga qaratilgan chegara va xavfsizlik masalasi yuzasidan muntazam ravishda muzokara olib bormoqda.
Bundan tashqari Parasel orollari Xitoy, Vetnam va Tayvan ishtirokidagi, Spratli orollari esa Xitoy va Indoneziya o‘rtasidagi nizoga sabab. Qisqasi, Xitoy hozir mazkur hududda kamida 70 orolni nazorat qiladi.
bugungi kunda XXR mintaqada keng ko‘lamli faoliyat boshlab yuborgan. Masalan, Spratli arxipelagi yaqinida harbiy baza qurilishi matbuotda keng muhokama qilinmoqda. Ayni loyiha Pekin uchun 200 millik qirg‘oq bo‘ylab erkin harakatni ta’minlaydi.
Ushbu voqeaga, ko‘proq, Vetnam jiddiy norozilik bildirdi, chunki baza mamlakat sohilidan atigi 250 milda joylashgan.
Xitoy ushbu hududda, asosan, havo hujumidan mudofaa qurollarini joylashtirmoqchi. Qolaversa, kichik orollarning bir qismi ham Xitoy tomonidan bosib olingan. Yevropaning ba’zi sun’iy yo‘ldoshlari bir necha kichik rifda Xitoy uyali minoralari mavjudligini aniqladi.
— Shubhasiz, XXR tabiiy resursga muhtoj, — deb hisoblamoqda ekspertlar. — Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli orollarda esa bunday zaxiralar mavjud.
Shuningdek, XXR hukumati Janubi-sharqiy Osiyodagi eng yirik transmilliy kompaniyalar harakatiga ham qarshi chiqmoqda. Xususan, neft gigantlari hisoblanmish “Exxon Mobil” va “British Petroleum” mazkur mintaqadan chekinishga majbur bo‘ldi.
Hozir Xitoyning qiziqish doirasi - Janubiy Xitoy dengizi hududida kirgan har qanday xorijiy kema Chin hukumati tomonidan mamlakat suverenitetiga tahdid sifatida qabul qilinadi.
Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari Pekinning ASEAN davlatlari chegaralari yaqinidagi bahsli hudud va suv ustidan amalda nazoratni mustahkamlashidan xavotirda.
Shu sababli Janubi-sharqiy Osiyodagi bir qator davlatlar, birinchi navbatda Filippin hukumati ayni masalada yordam so‘rab AQSHga murojaat qildi.

AQSH bu hududda nima uchun kurashadi?
Bu savol ayni payt ko‘pchilikni qiziqtiryapti. Garchi intilish Xitoynikidek keng ko‘lamli bo‘lmasa-da, Janubi-sharqiy Osiyo AQSH manfaati diqqat markazidan chetda emas. bugungi kunga kelib Janubiy Xitoy dengizi suv maydoni neft tashuvining, qariyb, 70 foizini va barcha yuk tashuvi hajmining yarmini tashkil qilmoqda. Bundan tashqari Osiyo AQSH uchun importning eng yirik manbasi va ikkinchi yirik eksportchi qit’a hisoblanadi.
Xitoyning mintaqadagi geosiyosiy va geoiqtisodiy ta’siri o‘sishi Qo‘shma Shtatlarni tashvishga solmoqda. Natijada ko‘p davlatlar nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda yetakchilik va hukmronlik uchun kurash xavfi ostida qolayotganini his qilmoqda.
XXI asrda vaziyat Sharqiy Xitoy va Janubiy Xitoy dengizlaridagi hududiy nizo tufayli murakkablashmoqda. Zero, bu qarama-qarshilik ishtirokchilari eng yirik davlatlar. Ochig‘i, bu omillar mintaqadagi mavjud munosabatlar o‘zgarishiga, yangi qoida va me’yorlar paydo bo‘lishiga olib kelar, ehtimol. Amerika rahbariyati esa buning bari Qo‘shma Shtatlar milliy manfaatiga zid, shuning uchun biz, shunchaki, tashqi kuzatuvchi bo‘la olmaymiz, deb hisoblaydi.
AQSHning asosiy strategiyasi — Janubiy Osiyo qirg‘oqlarini egallaydigan o‘q yaratish g‘oyasi asosiga qurilgan. Muammo Tinch va Hind okeanlarini bog‘lash bilan bog‘liq. Bu yerdagi alohida ahamiyatga ega hudud okeanlarni tutashtiruvchi Malakka bo‘g‘ozidir.
Kim shu bo‘g‘ozga ega bo‘lsa, Sharqiy Osiyoga boradigan dengiz yuklarini ham nazorat qiladi va shu orqali Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston va Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari siyosatiga bevosita ta’sir ko‘rsata oladi.
AQSH rasmiylari Janubiy Xitoy dengiziga nisbatan hududiy da’vosi yo‘qligini ta’kidlab kelsa-da, Shimoliy Amerika qit’asi bu mintaqada Xitoy ta’siri kuchayishiga yo‘l qo‘ymoqchi emas.
Nega aynan Janubiy Xitoy dengizi?
Yuqorida aytib o‘tilganidek, Janubiy Xitoy dengizi ulkan salohiyat, imkoniyatga ega.
Avvalo, jadal rivojlanayotgan Xitoy va Hindiston yangi bozor, yangi resursga, nazoratsiz dengiz yo‘liga erkin kirishga muhtoj. Bu jarayonda alohida geosiyosiy o‘rinni Hind va Tinch okeanlari bog‘lovchi Malakka bo‘g‘ozi egallaydi. Malakka mintaqa ichidagi va xalqaro savdodagi asosiy dengiz yo‘li joylashgan iqtisodiy jihatdan o‘ta muhim makondir.
Ko‘plab mamlakatlarning Janubiy Xitoy dengizidagi orollarga qiziqishi hududdagi neft, gaz kabi tabiiy resurslarning yirik zaxirasi mavjudligi bilan bog‘liq. Xitoy va AQSHga bunday resurslar juda kerak.
Qizig‘i shundaki, Amerika ekspertlari Janubiy Xitoy dengizi doirasidagi tabiiy resurs zaxiralarini 11 milliard barrel neft va 190 milliard kub/metr tabiiy gaz, deb baholaydi. Xitoy razvedka agentliklari esa bu joyda, taxminan, 230 milliard barrel neft va 16 trillion kub/metr gaz jamlangan, deb hisoblaydi. Haqli savol tug‘iladi: kimga ishonish kerak?
Umuman, mintaqada savdo-iqtisodiy aloqalar ko‘proq erkin savdo shartnomaci orqali amalga oshirilmoqda. Tomonlar hamkorligini kengaytirish maqsadiga yo‘naltirilgan Osiyoning 16 davlati rahbari tashabbusi - “Mintaqaviy keng qamrovli iqtisodiy hamkorlik” yaratish g‘oyasi esa hozircha hayotga tatbiq etilmagan.
Eslatib o‘tish joiz, bu loyihaga 2012 yil 20 noyabr kuni Kambojada bo‘lib o‘tgan ASEAN sammitida tamal toshi qo‘yilgan edi.
Darvoqe, Vetnam va Yaponiya bu platformani Xitoyning kuchi va ta’sirini cheklash vositasi sifatida ko‘radi.
Xullas, Janubiy Xitoy dengizi ulkan resurs va strategik potensialga ega. Maydonni o‘zlashtirishga nisbatan intilish turlicha shaklda namoyon bo‘lmoqda. Ayrim loyihalar rivojlanish bosqichida, ko‘pgina hududlardan faol foydalanilmoqda, ba’zi joylar uchun esa kurash davom etmoqda. Suvni nazorat qilish energiya zaxirasi va tabiiyki, butun iqtisodiy zona ustidan nazoratni anglatadi. Demak, Spratli arxipelagi va Parasel orollariga egalik qilish energiya ta’minoti xavfsizligini kafolatlaydi.
Yaqin kelajkakda Janubiy Xitoy dengizi suvida u yoki bu davlatning yetakchi roli boshqa o‘yinchilarga bosim o‘tkazish dastagi vazifasini bajarishi mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda Janubiy Xitoy dengizi AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo qarama-qarshiligi vositasiga aylandi. Xitoy chegarasini kengaytirishga intiladi va shu yo‘l bilan siyosiy ta’sirini kuchaytirib boradi. Bundan Qo‘shma Shtatlar Osiyo-Tinch okeani mintaqasi hukmdori sifatidagi mavjudligini oqlash quroli sifatida foydalanadi.
Internet materiallari asosida tayyorlandi.
Ulug‘bek MAHMIRZAEV,
O‘zA sharhlovchisi