Janubiy Afrika terma jamoasi futbolchisi Jeyden Adams 25 yoshida vafot etdi
Futbolchining rasmiy vakillari o‘lim haqidagi ma’lumotni tasdiqlashdi, biroq fojianing sabablari va tafsilotlari hozircha ochiqlanmayapti.
Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) milliy terma jamoasi hamda «Mamelodi Sandauns» klubi yarim himoyachisi Jeyden Adams 25 yoshida vafot etdi. Bu haqda Soccer Laduma nashri xabar tarqatdi.
Futbolchining rasmiy vakillari o‘lim haqidagi ma’lumotni tasdiqlashdi, biroq fojianing sabablari va tafsilotlari hozircha ochiqlanmayapti.
«Bu mudhish xabar barchamizni larzaga keltirdi. Men u bilan shu haftaning payshanba kuni gaplashgan edim — Jeyden jahon chempionatidan qaytganidan so‘ng juda ko‘tarinki kayfiyatda edi va yangi marralarni zabt etishga hozirlik ko‘rayotgandi», — deya futbolchining murabbiyi Brendayn Jonsonning so‘zlarini keltirmoqda manba.
«Mamelodi Sandauns» klubi esa ushbu vaziyat yuzasidan batafsil izoh berishdan bosh tortdi va barchadan marhum futbolchining oilasi shaxsiy hayotini hurmat qilishni so‘radi.
Jeyden Adams JAR bosh jamoasi safida jami 9 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 1 ta gol yozdirib qo‘yishga ulgurgan edi. Klub miqyosida esa u Afrika Chempionlar ligasi g‘olibi hisoblanardi.