Jamshid Qo‘chqorov: izchil choralar natijasida inflyatsiya darajasi 3,3 foizgacha pasaydi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda deputatlar “2026-yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi to‘g‘risida”gi hisobotini ko‘rib chiqmoqda. Mazkur masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qo‘chqorov ma’ruza qilyapti.
Bosh vazirining o‘rinbosari qayd etganidek, jahon iqtisodiyotida noaniqliklar va xavf-xatarlar saqlanib qolayotgan murakkab sharoitda mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar makroiqtisodiy barqarorlik va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash imkonini berdi. 2026-yilning birinchi yarim yilligida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 8,5 foizga o‘sib, bunday o‘sish sur’atlari bozor xizmatlarida 16,9, sanoat ishlab chiqarishida 8,0, qurilish ishlarida 13,8 va qishloq xo‘jaligida 4,7 foizni tashkil etgan.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida yil boshiga nisbatan inflyatsiya darajasi 3,3 foizgacha pasaydi. Asosiy kapitalga investitsiyalar 17,5 foizga oshib, 338,9 trln. so‘mni tashkil etdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar 12,4 mlrd. dollarga yetdi. Eksport hajmi oltin eksportini hisobga olmagan holda 31,6 foizga o‘sib, 14,4 mlrd. dollarni tashkil etdi.
Davlat byudjeti daromadlari 207,4 trln. so‘mga yetkazilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 63,2 trln. so‘mga oshdi. Bevosita soliqlar 77 trln. so‘mni (+75,1%), bilvosita soliqlar 61,6 trln. so‘mni (+20%), resurs va mol-mulk soliqlari 29,1 trln. so‘mni (+48,7%) tashkil qildi.
Mahalliy byudjetlarda 6,2 trln. so‘m qo‘shimcha manbalar shakllantirildi. Byudjet xarajatlarining 51,5 foizi yoki 105,8 trln. so‘mi ijtimoiy sohani moliyalashtirishga yo‘naltirildi. Bunda ta’lim sohasiga 49,5 trln. so‘m, sog‘liqni saqlashga 22,7 trln. so‘m, nafaqa va moddiy yordam to‘lovlariga 7,3 trln. so‘m ajratildi. Barqaror rivojlanish milliy maqsadlari tamoyillari doirasida xarajatlarning 78,5 foizi (161,3 trln. so‘m) milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga yo‘naltirildi.
Majlis o‘z ishini davom ettirmoqda.
M.Komilova, O‘zA