Jamoat transportida xavfsizlik - muhim masala
Shahar hayotini avtobuslarsiz tasavvur qilish qiyin. Har kuni minglab yo‘lovchilar ishga, o‘qishga, uyiga va boshqa manzillarga jamoat transporti orqali yetib boradi. Bu jarayonda eng katta mas’uliyat avtobus haydovchisi zimmasiga tushadi.
Avtobus haydovchisi uchun faqat transport vositasini boshqara olishning o‘zi yetarli emas. U yo‘l harakati qoidalarini yaxshi bilishi, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlashi, vaziyatni tez baholay olishi va odamlar bilan muomala madaniyatiga ega bo‘lishi kerak. Ayniqsa, katta shaharlarda harakat serqatnov bo‘lgani uchun haydovchidan yuqori darajada e’tibor va sabr talab etiladi. Yo‘ldagi tirbandlik, piyodalar, boshqa transport vositalari, ob-havo sharoiti va yo‘lovchilarning harakati — bularning barchasini bir vaqtning o‘zida nazorat qilish zarur. Haydovchining yuqori malakasi nafaqat avtobusni professional boshqarish, balki minglab yo‘lovchilarning xavfsizligi, xizmat sifati va jamoat transportiga bo‘lgan ishonchning muhim omili.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Toshshahartransxizmat” AJ tizimida 4 000 nafardan ortiq avtobus haydovchisi faoliyat olib bormoqda. Ularning qariyb 2 000 nafari so‘nggi 6 oy davomida malaka oshirish jarayonlaridan o‘tgan. Malaka darslarida Xitoy va Singapurda avtobus haydovchilarini tayyorlash, ularning kasbiy malakasini muntazam oshirib borish, xizmat ko‘rsatish madaniyati hamda yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash borasida qo‘llanilayotgan tajribalar borasida ma’lumotlar taqdim etilgan.
Aslida avtobus haydovchilari uchun qanday talablar qo‘yiladi?
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, jamoat avtobusi haydovchisiga qo‘yiladigan asosiy talablardan biri — tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish. Shuningdek, nomzodning sog‘lig‘i, kasbiy tayyorgarligi va transport boshqarish bo‘yicha tajribasi ham inobatga olinadi. Haydovchi avtobusning texnik holatiga ham befarq bo‘lmasligi kerak. Yo‘lga chiqishdan oldin transport vositasining asosiy tizimlarini tekshirish, aniqlangan nosozliklar haqida mas’ul xodimlarga xabar berish — xavfsiz tashishning muhim shartlaridan. Bundan tashqari, haydovchi yo‘nalishni yaxshi bilishi, belgilangan bekatlarda to‘xtashi va harakat jadvaliga rioya qilishi lozim.

Avtobus haydovchisining ish kuni oddiy ko‘rinishi mumkin. Ammo u boshqarayotgan transport vositasida bir vaqtning o‘zida o‘nlab yo‘lovchi bo‘ladi. Shu sababli haydovchining har bir qarori nafaqat o‘zining, balki ko‘plab insonlarning xavfsizligiga ta’sir qiladi. Shuning uchun jamoat avtobusi haydovchisi yo‘lovchilar xavfsizligi, shahar harakati va jamoat transporti sifati uchun mas’ul mutaxassis.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA