Jamoat tartibi, profilaktika va qo‘riqlash faoliyati bir-birini to‘ldiruvchi yagona tizimga aylantirildi
Har bir inson o‘z uyida, ish joyida, ko‘chada yoki jamoat joylarida o‘zini xavfsiz his qilishi kerak. Aynan shu maqsadni amalda samarali ta’minlash uchun jamoat tartibi, profilaktika va qo‘riqlash faoliyati bir-birini to‘ldiruvchi yagona tizimga aylantirildi.
2026-yil 20-mayda kuchga kirgan “Qo‘riqlash faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov mazkur qonunning muhim jihatlari haqida gapirib berdi:
– Xavfsizlikni ta’minlash sohasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, profilaktika, raqamlashtirish, zamonaviy texnik vositalarni joriy etish, mas’ul organlar faoliyatini aniq vakolatlar asosida tashkil etishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Qo‘riqlash faoliyati esa jamoat xavfsizligining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, fuqarolar va tashkilotlarning mol-mulki, strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlarni turli tajovuzlardan himoya qiladi.
Prezidentimizning 2025-yil 4-martdagi qaroriga muvofiq, Milliy gvardiya tarkibida faoliyat yuritib kelgan Qo‘riqlash bosh boshqarmasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti etib qayta tashkil etildi.
Biroq, amaldagi qator qonun va qonun osti hujjatlarida haligacha vakolatli organ sifatida Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi ko‘rsatilgan normalar saqlanib qolgan edi.
Bu esa huquqni qo‘llash jarayonida davlat organlari va tadbirkorlik sub’ektlari uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlar vujudga kelishiga sabab bo‘ldi.
Shu bois, qonunchilikdagi bir-birini takrorlovchi va eskirgan normalarni to‘liq bartaraf etish maqsadida mazkur qonun ishlab chiqildi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”, “Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘riqlash faoliyati sohasidagi davlat siyosatini takomillashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini hamda boshqa ob’ektlarni tajovuzlardan himoya qilish ishlari samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamentining mas’ul xodimlari tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Xususan, jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish, ov qilish va baliq ovlash qoidalari, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish, daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish kabi qoidabuzarliklarni ko‘rib chiqish vakolati Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamentining mas’ul xodimlariga berildi.
Buning natijasida huquqbuzarlikka nisbatan tezkor va professional yondashuv shakllanadi, javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanadi va, eng asosiysi, aholida qo‘riqlash qoidalariga rioya qilish intizomi ortadi.
“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida” va “Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarga Milliy gvardiyaning Qo‘riqlash bosh boshqarmasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti sifatida qayta tashkil etilib, qo‘riqlash faoliyati sohasidagi aksariyat vakolatlar va vazifalar ushbu departamentga o‘tkazilgani sababli tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Endilikda jamoat tartibi, profilaktika va qo‘riqlash faoliyati bir-birini to‘ldiruvchi yagona tizimga aylandi.
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga O‘zbekiston Respublikasining alohida muhim va toifalangan ob’ektlarida qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini bajarishga ruxsatnoma berish vakolatini Milliy gvardiyadan Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazishga oid me’yor kiritildi.
Qo‘riqlash texnik vositalari va tizimlarini montaj qilish, sozlash, ta’mirlash hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatish faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik to‘g‘risida Ichki ishlar vazirligini xabardor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar ham qonunchilikka kiritildi.
Bu o‘zgarishlar xavfsizlik talablari bo‘yicha yagona standartlar joriy etilishi, texnik vositalarning sifati va ishonchliligi oshishi, xavfli ob’ektlarda inson omilidan kelib chiqadigan xatarlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Tadbirkorlik sub’ektlari uchun xabardor qilish tartibi joriy etilib, ortiqcha ruxsat olish jarayonlari qisqartirildi.
Xulosa qilib aytganda, xavfsizlikka faqat jazo orqali emas, balki profilaktika orqali erishish muhim tamoyillardan biri hisoblanadi. Qonun esa aynan shu tamoyilga tayanadi va bu huquqbuzarlikning oldini olishga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA