“Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdi - zamon bilan hamnafas tezkorlik ifodasi
“Toshkentdan Xorazmgacha bir ming bir yuz kilometr”. Qo‘shiqdagi aynan shu satr qadimiy Xorazm diyorining sehrliligi bilan birga, olisligini ham o‘zida ifoda etgan. Darhaqiqat, Xorazm vohasi yurtimizning chegara hududlaridan bo‘lib, bu zaminga poyezdda ham, yengil avtomashinada ham yetib borguncha yo‘lovchi toliqib qoladi. Birgina Xiva shahriga oddiy yo‘lovchi poyezdlari orqali safar qilinsa, yo‘lga ketadigan vaqt o‘rtacha 14 soatni tashkil etar edi. Bugun esa “Jaloliddin Manguberdi” yuqori tezlikdagi poyezdi ushbu masofani atigi 7 soat 30 daqiqada bosib o‘tmoqda.
So‘nggi yillarda yurtimiz hududlarini o‘zaro bog‘laydigan temir yo‘l transporti tizimida keng ko‘lamli islohotlar jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2023-yil 10-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mazkur qaror ijrosi doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan sohada yo‘lovchi tashish yo‘nalishini yanada rivojlantirish, aholiga har tomonlama qulay sharoitlarni yaratish maqsadida tizimga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Bugun, 29-iyul kuni yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarga servis xizmat ko‘rsatish markazida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Unda jurnalistlar yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Jaloliddin Manguberdi” zamonaviy yo‘lovchi poyezdlarini reysga tayyorlash jarayonlari, yuqori malakali mutaxassislar tomonidan poyezdlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Ma’lumki, joriy yilning birinchi yarim yilligida “Temiryo‘lekspress” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Koreya Respublikasining “Hyundai Rotem” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy yuqori tezlikdagi “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdlari O‘zbekistonga keltirildi va ekspluatatsiyaga topshirildi. Bu mamlakatimiz temir yo‘l sohasi tarixida muhim tarixiy voqea hisoblanadi. Ilk bor O‘zbekistonda yuqori tezlikdagi poyezd “Toshkent – Xiva” yo‘nalishida muntazam qatnay boshladi. Poyezd mazkur yo‘nalishda har kuni muntazam harakatlanib, yo‘lovchilar uchun qulaylik va xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqdi.
Loyiha doirasida jami 6 ta yuqori tezlikdagi poyezd yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan bo‘lib, bugungi kunga qadar ularning 3 tasi O‘zbekistonga olib kelindi va bosqichma-bosqich ekspluatatsiyaga topshirilmoqda. Xususan, 2026-yilning may oyidan dastlabki poyezd Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishida harakatini boshladi. Shu kungacha 30 mingga yaqin yo‘lovchilar birinchi poyezdda tashildi. Kuni kecha esa “Jaloliddin Manguberdi” poyezdining ikkinchisi ham Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishida harakatini boshladi. Yurtimizga keltirilgan uchinchi poyezd esa ayni paytda texnik sinov harakatidan o‘tkazilmoqda.
Press-tur davomida aytib o‘tilganidek, “Jaloliddin Manguberdi” poyezdlari texnik jihatdan 250 km/soat tezlikkacha harakatlanish imkoniyatiga ega. Mazkur poyezdlar O‘zbekistonning iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda maxsus loyihalashtirilgan. Xususan, “Buxoro – Xiva” yo‘nalishida uchraydigan cho‘l hududlari, kuchli chang va yuqori harorat sharoitida ishonchli harakatlanishi uchun zamonaviy muhandislik yechimlari qo‘llanilgan. Bu esa poyezdlarning xavfsizligi, ishonchliligi va yo‘lovchilar uchun yuqori darajadagi qulaylikni ta’minlaydi. Poyezd Toshkentdan harakatlanib, “Samarqand”, “Navoiy”, “Buxoro”, “Urganch” temir yo‘l vokzallarida to‘xtab, Xivagacha boradi.
Yangi, yuqori tezlikdagi poyezdlarning ishga tushirilishi mamlakatimiz temir yo‘l sohasini yanada rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish hamda milliy transport infratuzilmasini zamonaviy bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi. Yangi avlod poyezdlari sohadagi islohotlarning ifodasi bo‘lib, nafaqat aholiga qulaylik yaratish, balki turizm imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida “Temiryo‘lekspress” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan jurnalistlarga zamonaviy poyezdning texnik imkoniyatlari, yo‘lovchilar uchun qulayliklari hamda zamonaviy sharoitlari, shuningdek, sohani raqamlashtirishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
M.Komilova,
O‘zA